Navoiy viloyatida chorvachilikning bo‘rdoqichilik yo‘nalishi ommalashishi tufayli aholining ish bilan ta’minlanishi barobarida daromadi ortmoqda.
Bu esa chorvachilik va uning tarmoqlarida yirik loyihalarning jadal rivojlanishida muhim omil bo‘lmoqda.
Masalan, joriy yilning o‘tgan davrida chorvachilik tarmoqlarida umumiy qiymati 78 mlrd so‘mlik 57 ta chorvachilik loyihalari ishga tushirilib, chetdan 5 ming bosh qoramol, 29,6 ming bosh qo‘y-echki va 115 ming boshdan ortiq parranda olib kelinib parvarishi yo‘lga qo‘yildi.
Faoliyat yuritib kelayotgan 69 ta naslchilik xo‘jaligi tomonidan yil boshidan beri 5,8 ming boshdan ortiq naslli chorva mollari tayyorlanib xaridorlarga yetkazib berildi. Samarali tashkil etilgan naslchilik ishlari tufayli barcha toifa xo‘jaliklardagi 88 ming bosh sigir va tanalar sun’iy urug‘lantirilib, 8,3 ming bosh zoti yaxshilangan buzoq olindi.
Ozuqa uchun ajratilgan 11,1 ming gektar maydonda yangicha usulda yiliga uch marta hosil olinmoqda. Viloyatdagi 35 ta chorvachilik sub’ektida gidroponika usulida ozuqa yetishtirilmoqda.
Mazkur tadbirlar natijasida so‘yish uchun tayyorlangan har bir bosh qoramolning tirik vazni 420 kg, qo‘y-echkilarning o‘rtacha tirik vazni 69 kilogramga yetdi. E’tiborlisi, shu yilning to‘qqiz oyida viloyatda 147 ming tonna, yillik iste’mol talabidan 112 foizga ko‘p go‘sht va 13,5 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarildi.
Ikrom Avvalboyev, O‘zA