English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi bandligini ta’minlashda Xo‘jaobod tajribasi qay darajada samara bermoqda?
11:28 / 2021-12-14

Davlat rahbari Andijon viloyatiga tashrifi davomida ishsizlar soni ko‘p va sharoiti og‘ir mahallalarda lider tadbirkorlarni aniqlab, ularning loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali uyda o‘tirgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga doir muhim taklifni ilgari surgan edi.

 Bu boradagi vazifalar 2021 yil 5 avgustdagi «Mahallalarda tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik sub’ektlari bilan aholi o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarorida aniq belgilab berildi.

«Mahallabay» ishlash tizimi asosida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan ortda qolayotgan va ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalarda tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik sub’ektlari va xonadonlar o‘rtasida iqtisodiy kooperatsiyani kengaytirish maqsadida qabul qilingan qaror ijrosi ta’minlanmoqda. Bu jarayonda ATB «Qishloq qurilish bank» ham faol ishtirok etmoqda.

Xususan, Xo‘jaobod tumanidagi «Qurama» MFYda yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish dastgohlari sotib olish loyihasi bankning tegishli filiali tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu mahallada joylashgan MCHJ "ANVAR LIDER TEX"ga yuqoridagi maqsadlar uchun 2 mlrd. so‘m miqdorida kredit ajratildi.

O‘z navbatida korxona tomonidan mahalladagi 50 ta xonadonga tikuv mashinalari tarqatildi. Ayni paytda turli sabablarga ko‘ra ishlay olmaydigan, ammo mehnatga layoqatli shuncha xotin-qiz oila sharoitida qo‘shimcha daromad qilish imkoniyati yaratildi.

Iqboljon  Ostanayev, MCHJ "ANVAR LIDER TEX" rahbari:

– Lider tadbirkor sifatida tanlab olindik va yana 50 ta ish o‘rni yaratdik. Korxonamizda mavsumiy kiyim-kechaklar tayyorlanadi. Ayni paytda erkaklar liboslari tikilmoqda. Tikuvchilarning o‘rtacha maoshi 2,5-3 mln. so‘mni tashkil etadi. 
Ayni paytda Rossiya, Ukraina va Qozog‘iston Respublikalariga oyiga 40 ming dona mahsulot eksport qilmoqdamiz. Qisqa vaqt ichida 230 ming AQSH dollariga teng eksportni amalga oshirdik. Bu ko‘rsatkichni yil yakuniga qadar 400 ming AQSH dollariga ko‘tarish reja qilingan.
Faoliyatimizni yanada kengaytirish ustida ish olib borayapmiz. «Qurama» MFY hududida yangi bino foydalanishga topshiriladi. Bu yana 300 ta yangi ish o‘rni yaratish imkoniyatini beradi.

Barcha loyihalarimizni hayotga tatbiq qilishda ATB «Qishloq qurilish bank»ning Xo‘jaobod filiali tomonidan ko‘rsatilayotgan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash muhim o‘rin tutmoqda.

Karimova Sanamoy, Xo‘jaobod tumanidagi «Qurama» MFY, "Uzumzor" ko‘chasida istiqomat qiladi. Yosh bolali bo‘lgani bois, muntazam ravishda korxonaga qatnab ishlash imkoniyati mavjud emas.

«Lider tadbirkor» loyihasi Sanamoy kabi 50 nafar ayollarning ro‘zg‘origa baraka olib kirmoqda:

– Men avval ham tikuvchilik korxonasida ishlaganman. Tajribam bor, ammo turmushga chiqqanimdan keyin oilaviy sharoit taqozosi bilan qatnab ishlash imkonim bo‘lmadi. Hozir esa, korxona tomonidan uyimga tikuv mashinasi olib kelindi. Har kuni ertalab xom ashyo tarqatib ketiladi mahallaga. Uni olib qolib, kechgacha tikib, tayyorlab qo‘yaman. Dastlabki 10 kunlik pulni ham oldim. 1 mln. 200 mingdan ortiqroq ish haqi oldim. Bu loyihaning amalga oshirilishi men kabi ko‘plab qo‘shnilarim, opa-singillarimning qo‘shimcha daromad manbai topishimizga zamin yaratdi. 

Quvontirgani, bizga berilgan tikuv mashinalarini oylik daromadimizdan qisman ushlab qolish asosida, muayyan vaqtdan so‘ng o‘zimizda qolishi bo‘ldi. Albatta, bu kasanachilik ortiqdan muntazam daromad qilish imkoniyatimizni oshiradi. 

Uy ishlaridan ortib, bo‘sh vaqtimizda ham daromad qilayotganimiz turmushimiz yanada yaxshilanishiga qo‘shgan hissamiz, deb o‘ylayman. 
Fursatdan foydalanib, Prezidentimizga biz kabi turli sharoitlarda istiqomat qilayotgan fuqarolarning bandligini ta’minlashga qaratayotgan e’tibori uchun minnatdorchilik bildiraman.

Umuman, loyiha asosida Sanamoy kabi 50 nafar kasanachilar va korxona ishchilari tomonidan bir kunda 966 dona, bir oyda 24 166 dona, yiliga esa, 290 000 dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Bundan tashqari, «Lider tadbirkor» loyihasi bo‘yicha tumanning «Tosh ota», «To‘raobod», «Faqirqishloq», «Yangi Farg‘ona» kabi MFYlarida yangi ish o‘rinlar yaratish maqsadida tikuv dastgohlari hamda xomashyo mahsulotlari sotib olish uchun 3 oylik imtiyozli davr bilan, 36 oy muddatga 10 foiz ustama to‘lash sharti asosida, jami 8 mlrd. (har bir MFYga 2 mlrd.dan) so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi. Mazkur mablag‘lar hisobidan, MFYlarning har birida 40 tadan jami 160 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. 

S.Xojisultonov, AT«Qishloq qurilish bank»  Xo‘jaobod filiali boshqaruvchisi:

– Filialning jami mijozlar soni 12 292 nafarni tashkil etib, shundan 7 563 nafari jismoniy shaxslar, 1 296 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardir. Ularning 520 nafari yuridik shaxs, 751 nafari yakka tartibdagi tadbirkor, 6 nafar tashkilot, 19 nafar uyushma va shirkatlar hisoblanadi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan filial mijozlari umumiy soni 1 158 taga o‘sishiga erishildi.
Filial kredit qo‘yilmalari 267 milliard 660 million 141 ming so‘mni ya’ni filial jami aktivlarning 93,1 % ni tashkil etadi.
Jami kredit qo‘yilmalar 2020 yil 01 yanvar holati bilan solishtirilganda ushbu davrga nisbatan 75 milliard 780 million 780  ming so‘mga ko‘paygan.

2018-2019 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3777 hamda PQ-4231 sonli qarorlari ijrosi doirasida «Har bir oila tadbirkor» Davlat dasturidan kelib chiqib, 837 (sakkiz yuz o‘ttiz yetti) nafar fuqarolarga o‘z xonadonlarida oilaviy tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishlari uchun  jami: 14 mlrd. 813 mln. 816 ming so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan. Buning zamirida 3000 dan ziyod fuqaro doimiy ish bilan bandligi ta’minlangan.

Filial tomonidan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali tuman iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish va aholi bandligini ta’minlash masalasiga muntazam ravishda e’tibor qaratib kelinmoqda.

O‘z navbatida, aholini rozi qilish, yurtimizdagi insonparvarlik siyosatidan kelib chiqib, nochor oilalarga ko‘mak ko‘rsatish va ularni har taraflama qo‘llab quvvatlash ham muntazam diqqat markazda bo‘lib turibdi.

 

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA