Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishda hokim yordamchilari tashabbusi
11:24 / 2022-07-27

Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha mahallalarda hokim yordamchilari tomonidan joriy yil o‘tgan 6 oyi davomida “ kambag‘allik” ishlash tizimi doirasida aholi bandligini ta’minlash, aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ular tashabbusini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.

Hokim yordamchilari tomonidan o‘tgan davrda 367907 ta xonadon o‘rganib chiqildi va xonadonlarning ijtimoiy iqtisodiy ahvolidan kelib chiqib, 4 ta toifaga ajratildi. Jumladan, ushbu xonadonlarning 21,2 foizi (78041 ta) daromadi kam, biroq daromad topishga harakat qilayotgan birinchi toifa xonadonlar hisobiga, 47 foizi (172790 ta) doimiy daromadga ega, qo‘shimcha daromad topish istagidagi ikkinchi toifa xonadonlar hisobiga, 6,1 foizi (22455 ta) ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan uchinchi toifa xonadonlar hisobiga, 25,7 foizi (94621 ta) iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘lgan to‘rtinchi toifa xonadonlari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Joriy yil 1 iyul holatiga 12 ming 903 nafar fuqaro doimiy, 6 ming 995 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga, 22 ming 125 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida rasmiylashtirilib, jami 42 ming 23 nafarining bandligi ta’minlandi. Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida hokim yordamchilarining tavsiyanomalari asosida 12 ming 11 ta loyihaga 313 milliard so‘mlik kredit ajratildi. Ushbu  mablag‘larning 136,1 milliard so‘mi qishloq xo‘jaligi, 104,6 milliard so‘mi xizmat ko‘rsatish, 2,8 milliard so‘mi hunarmandchilik, 36,4 milliard so‘mi ishlab chiqarish hamda boshqa loyihalarga yo‘naltirildi.

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularga mehnat qurollari va asbob-uskunalar olib berish bo‘yicha 1 ming 896 nafar fuqaroga 5,8 milliard so‘mlik subsidiya ajratildi. Yerlarni ijaraga berish maqsadida umumiy maydoni 4 ming gektar bo‘lgan qishloq xo‘jaligi yerlari 9,3 mingta lotga bo‘linib, elektron tanlov (auksion)ga chiqarildi. Auksion natijalariga ko‘ra, respublika bo‘yicha 11,8 mingta lot bo‘yicha tanlov g‘olibi aniqlanib, fuqarolarga 4,2 ming gektar yer maydoni ajratildi.

Kasb-hunar va tadbirkorlik yo‘nalishlarida o‘qish uchun jami 8900 nafar fuqaro yo‘naltirilgan bo‘lib, bugungi kunda ular “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa nodavlat ta’lim muassasalarida o‘qitilmoqda. O‘tgan 6 oy davomida jami 4821 ta, shundan 2130 ta yuridik va 2691 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Respublika vakillari, shahar va tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, markaz boshliqlari tomonidan 3 ta kichik ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish (qishloq xo‘jaligi loyihalaridan tashqari) loyihalari ishlab chiqildi.

Xususan, 2022 yilning I choragida jami qiymati 34,5 milliard so‘mlik 162 ta loyiha, ikkinchi chorakda jami qiymati 34,2 milliard so‘mlik 141 ta loyiha amalga oshirildi.

Shuningdek, Investitsiya dasturlariga kiritilmagan 884 ta “mahallabay” mikroloyihalarning ro‘yxati shakllantirilib, “onlayn mahalla” platformasiga kiritildi, ijrosi bo‘yicha monitoring ishlari yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda sanoat, hunarmandchilik va kasanachilik bo‘yicha 12 ta mikromarkaz tashkil etish rejalashtirilgan.

– Hududimizda 1128 ta xonadonda 1399 oila istiqomat qiladi, – deydi Nukus shahar “Jeke terek” mahalla fuqarolar yig‘inining mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi Miras Tleumuratov. – Faoliyatimni mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari bilan hamkorlikda hududdagi oilalarni xatlovdan o‘tkazishdan boshlaganman. Hozirda mahallamizda ijtimoiy himoyaga muhtoj, shuningdek ishlash istagidagi ishsiz yoshlarga, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ishtiyoqi bor fuqarolarga zarur amaliy yordam ko‘rsatyapmiz.

O‘rganishlar davomida hududdagi kam ta’minlangan, ishsiz aholini ro‘yxatga olib, ushbu oilalarning daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Fuqarolarning ko‘pchiligi mehnatga layoqatli bo‘lganligi tufayli ularning ish bilan band bo‘lib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga va oilasida qo‘shimcha daromad olishiga ko‘maklashish maqsadida imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Jumladan, hududimizdan kredit olish bo‘yicha murojaat qilgan fuqarolardan 40 nafariga kredit ajratildi va bu fuqarolar hozirda tadbirkorlik faoliyatini boshlab yubordi.  

Joriy yilning ikkinchi yarim yilligida Orolbo‘yida “mahallabay” ishlash yuzasidan savdo va servis yo‘nalishida 42 mingta, hunarmandchilik yo‘nalishida 2,7 mingta, tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 27,7 mingta, jami 72,4 ming ta ish o‘rnini yaratish rejalashtirilgan.

Kam daromadli va ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash ishlari mahallalardagi aholi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish, 3-4 ta mahalla uchun, kamida 1 tadan mahallalararo chakana savdo va xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etish, shuningdek og‘ir mahallalarda tanlangan “yetakchi” tadbirkorlar bilan kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali olib boriladi. Natijada, joriy yilda 1,6 ming aholining bandligi ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.  

Bundan tashqari, mahallalarda bo‘sh turgan bino-inshootlardan samarali foydalanish, qurilishi tugallanmagan ob’ektlarda qurilish ishlarini yakunlash va tadbirkorlik loyihalarini joylashtirish, bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonlarini aniqlash, ularni auksion savdolari orqali tadbirkorlarga sotilishini ta’minlab, yangi loyihalarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, har hafta yakuni bilan “qoniqarsiz” deb topilgan mahallalarda mavjud sharoitlarni yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi tanqidiy muhokama etib boriladi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA