Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aholi bandligi oshsa daromad ham oshadi
16:38 / 2025-04-14

Qaror va ijro

Piskent tumani aholi bandligini ta’minlash, mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar hamda yirik investitsiyaviy loyihalar bilan yaqindan tanishish maqsadida OAV vakillari uchun press-tur o‘tkazildi. 

Mutaxassislar tomonidan hududda “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami haqida jurnalistlarga ma’lumot berildi. Shundan so‘ng mazkur hududda tashkil etilgan mehnat yarmarkasi jarayonlari ko‘rsatildi. 

Bu kabi sa’y-harakatlar muntazam ravishda kambag‘al oilalardagi ishsizlarni, mehnat migratsiyasidan qaytganlar, aliment to‘lovchilar, jazoni ijro etish muassasasidan qaytganlar, probatsiya ro‘yxatidagilar va hududdagi band bo‘lmagan aholini ish bilan ta’minlash maqsadida o‘tkazilmoqda. Unda tumandagi 42 ta korxona va tashkilotlar o‘zlarida mavjud 353 ga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. 

– Yarmarkada oilaviy tadbirkor sifatida ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan qatnashyapmiz, – deydi Yangiobod mahallasida yashovchi, “Shukrona Sanobar ona” oilaviy korxona rahbari Sanobar Shoakbarova. – Ayni vaqtda korxonada 4 nafar ishchi faoliyat yuritadi. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, ishga talabgorlarning ko‘pini yoshlar tashkil etadi. Tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlarga o‘z maslahatlarimni berib kelaman. 

Yarmarkada ishtirok etgan 62 nafar yoshning bandligi ta’minlandi hamda 31 nafariga bandlik va mehnat qonunchiligiga oid turli maslahatlar berildi. Masalan, migratsiyadan qaytib kelgan piskentlik Shohruh Nurjavov tuman mas’ullariga tadbirkorlik qilish istagida 50 million so‘m kredit olish istagini bildirdi. Unga tijorat banki hududiy filiali tomonidan tomorqa va chorvachilik yo‘nalishi uchun mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. 

Press-tur ishtirokchilari Fayzobod mahallasidagi Qashqadaryo qishlog‘ida bo‘ldi. Bu yerdagi aholi tomonidan o‘rdakchilik yo‘lga qo‘yilgan. Prezidentimizning 2024 yil 27 iyundagi “Parrandachilik sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy genetik texnologiyalar va kooperatsiya tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu jarayonda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Bu yil joylarda aholiga tender asosida zovur yoqalarini bo‘lib berish, o‘rdak parvarishlash ommalashdi. 

– Oldingdan o‘tgan suvni qadri yo‘q deganlari rost ekan. Ilgarilari ham hududimizdan o‘tgan kollektordan unumli foydalanishni o‘ylaganmiz. Biroq imkon bo‘lmagan. Viloyat hokimi tashabbusi bilan o‘rdakxona tashkil etish taklifi berildi. Qolaversa, atrofini o‘rash, sharoit yaratish uchun tijorat banki tomonidan kredit ajratildi. Oilamiz 100 ta o‘rdak boqyapmiz. Bu tashabbusni yana bir qulay tomoni o‘rdaklar zovurni doimo tozalab turadi, — deydi shu qishloqda yashovchi Qo‘ziboy aka Toshqulov. 

Shuningdek, ushbu qishloqda joylashgan 403 ta xonadonning tomorqalarini sug‘orishdagi muammolarini bartaraf etish maqsadida “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturi doirasida 2,5 milliardlik 2 ta suv nasos stansiyasi qurilib, ayni paytda 1 tasi ishga tushirilgan. Natijada aholi tomonidan kartoshka yetishtirish ancha yaxshilandi. 

Press-tur davomida ishtirokchilar kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonada bo‘ldi. Guliston mahallasida Xitoy va O‘zbekiston hamkorligida qurilgan, qiymati 30 million dollarni tashkil etuvchi ushbu korxonada yiliga 10 ming tonna kremniy asosidagi pigment ishlab chiqariladi. Mutaxassislarning aytishicha, bu mahsulot to‘liq xorijga eksport qilinadi va yiliga 15 million dollar miqdorida daromad keltiradi. Hozirgacha loyiha uchun 20 million dollar sarmoya kiritilgan va korxona rasman ishlab chiqarishni boshlagan. Shu davrda mahalliy aholining 200 nafari ish bilan ta’minlangan. 

[gallery-22791]

– Korxonamizning keyingi bosqichlarida jami to‘rt xil mahsulot ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Mahsulotlar orasida kir yuvish kukuni qo‘shimchasi yiliga 5 ming tonna, natriy silikat mahsuloti esa, 20 ming tonna ishlab chiqariladi. Bu loyiha nafaqat iqtisodiy rivojlanishga katta hissa qo‘shadi, balki mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratadi va yangi texnologiyalarni joriy etish orqali sanoatni zamonaviylashtirishga xizmat qiladi, – deydi “ZHONGʻTIAN SILICON CHEMICAL” mas’uliyati cheklangan jamiyat direktor o‘rinbosari Abdurahmon Turg‘unboyev. 

Press-tur yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. 

A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.