Andijonda "Uzbekistan Andijan Fruit expo – 2022" forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiyadan kelgan qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, olimlar, viloyatda bog‘dorchilik, sabzavotchilik yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari, mevani qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda, xususan, Andijon viloyatida meva-sabzavotchilikni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, bu borada o‘ziga xos ilg‘or tajriba shakllanganligi ta’kidlandi. Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bog‘dorchilik, meva-sabzavotchilik sohasidagi imkoniyatlar kengligi, biroq bu borada hali o‘rganish, amalga oshirish lozim bo‘lgan ishlar ko‘pligini alohida qayd etdi.
– Hozirda Andijonda yiliga 3 million tonnaga yaqin meva-sabzavot yetishtirilmoqda, – deydi viloyat hokimi. – Shundan meva 700 ming tonnani, sabzavot 1,7 million tonnani, kartoshka 400 ming tonnani, uzum 60 ming tonnani, qolgan qismini boshqa mahsulotlar tashkil etadi. Ming afsuski, o‘zimizda yetishtirilgan meva-sabzavotning atigi 7 foizini qayta ishlash imkoniga egamiz. Hatto, mahsulotimizni katta miqdorda muzlatgichlarda saqlash imkoniyati ham cheklangan. Bu mazkur yo‘nalishda ilg‘or, xorijiy tajribalarni o‘rganishimiz, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirishimiz kerakligini taqozo etadi. Shu bois ham forum qishloq xo‘jaligi, xususan, bog‘dorchilik, sabzavotchilik yo‘nalishlarida tajriba almashish, sohaga zamonaviy texnologiyalar, ilm-fan yutuqlarini joriy etish, ilg‘or ish uslublarini o‘rganish va ommalashtirish, hosildorlikni yanada oshirishga qaratilgan ishlarni yuqori bosqichga ko‘tarishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
Forumda turkiyalik mutaxassislar, qishloq xo‘jaligi kompaniyalari vakillari o‘zlarining mazkur yo‘nalishdagi ilg‘or texnologiyalari, turli jihoz, texnika va boshqa mahsulotlari bilan ishtirok etganligi ularning tajribalarini o‘rganish, turkiyalik qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash imkonini berdi.
Forumda keyingi yillarda Andijon viloyatida bog‘dorchilik, uzumchilik, meva-sabzavot, paxta va g‘allachilik sohalarida erishilgan natijalar bo‘yicha ma’lumot berildi. Mamlakatimiz va turkiyalik mutaxassislarning mavzu doirasidagi ma’ruzalari tinglandi, turli loyihalarning taqdimotlari o‘tkazildi.
– Klaster va fermer xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirishga yordam beruvchi loyiha va ishlanmalarimizni taklif etdik, – deydi Turkiyadagi NAANBANJAIN korxonasi mudiri Ahmet Erdog‘an. – Ishonamanki, takliflarimizga qiziquvchilar albatta bo‘ladi. Umuman, mazkur forum har ikki mamlakat mutaxassislari uchun foydali bo‘ldi, hamkorligimiz yanada mustahkamlanadi.
Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar, taqdimotlar hamda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni rivojlantirish, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, meva-sabzavotdan yuqori hosil olish, iqlim, tuproq unumdorligidan kelib chiqib agrotexnik tadbirlarni samarali tashkil etish, eksport hajmini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
– Forum nafaqat biznesni, balki ilm-fan yutuqlarini sohaga tatbiq etish, o‘zaro tajriba almashish barobarida ham keng imkoniyatlar eshigini ochadi, – deydi Turkiyaning Solitar Peyzach kompaniyasi rahbari Eylem Koch. – Yurtingiz, ayniqsa, Andijonda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar borligiga guvoh bo‘ldik. Ana shularni ishga solish ko‘p jihatdan ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanishga bog‘liq. Ishonamanki, bu boradagi hamkorligimiz ham ijobiy samaralar beradi.
Forumda meva-sabzavotchilik sohasida o‘zaro tajriba almashish bilan birga, Turkiyaning iqlim sharoiti, tuprog‘i deyarli yurtimizniki bilan o‘xshash ekanligini hisobga olib hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi. Turkiya kompaniyalarining bog‘dorchilik, umuman, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan texnika va jihozlari, hosildorlikni oshirishga yordam beruvchi mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
"Uzbekistan Andijan Fruit expo – 2022" forumi doirasida Turkiya kompaniyalari bilan bir qator hamkorlik shartnomalari imzolandi.
[gallery-6769]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA