Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ahmad Tohir: Bu tashrif O‘zbekiston – Xitoy hamkorligini yanada mustahkamlashiga ishonaman
23:04 / 2024-01-26

O‘zbekiston Prezidentining Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi samarali, har ikki davlat uchun manfaatli o‘tdi. Mazkur oliy darajadagi uchrashuv yakuni bo‘yicha mahalliy va xorijiy ekspertlar fikr-mulohaza bildirib, tashrifning alohida ahamiyatini ta’kidlamoqda.

Kim YONG GU, Janubiy Koreyaning “Shindong Resources” kompaniyasi raisi:

– Bugun do‘stona hamkorlik o‘rnatgan O‘zbekiston va Xitoyning xalqaro kun tartibidagi muhim yo‘nalishlar, xavfsizlik va taraqqiyot masalasi bo‘yicha qarashi o‘xshash.

XXR O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyot yo‘lini, islohotlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu Pekin Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlardan manfaatdor ekanini anglatadi.

Ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Tovar ayirboshlash qiymati, qariyb, 14 milliard dollarga yetgani, tomonlarning yaqin kelajakda ushbu ko‘rsatkichni 20 milliard dollarga yetkazish istagi iqtisodiy hamkorlik muhimligini tasdiqlamoqda.

Xitoy sarmoyasi sezilarli darajada ortishi va qo‘shma korxonalar soni ko‘payishi Chin mamlakatining O‘zbekiston iqtisodiyoti turli tarmoqlarida ishtirok etishga ishonchi va qiziqishidan darak beradi.

Ma’lumki, kambag‘allikka qarshi kurash barqaror rivojlanishning asosiy omillaridan biri. Shu ma’noda ayni yo‘nalishdagi hamkorlik aholi turmush sharoiti va farovonligini oshirishga qaratilgan aniq loyiha va dasturlar orqali amalga oshirilishini ta’kidlamoqchiman. Bu boradagi o‘zaro yordam sheriklikni mustahkamlaydi va har ikki davlatning umumiy maqsadlarga erishishini ta’minlaydi.

XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashuv chog‘ida erishilgan kelishuvlar har tomonlama strategik sheriklik munosabatini rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishlashi tayin.

Maks SEY, Malayziyaning “Kingsley Strategic Institute” instituti direktori:

– O‘zbekiston – Xitoy munosabatining bugungi holati an’anaviy tarzda yuksak ishonchga asoslangan xususiyati bilan ajralib turadi. Oliy darajadagi muntazam siyosiy muloqot tufayli mamlakatlar o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik darajasiga erishilgani bunga yorqin misoldir.

Shu nuqtai nazardan so‘nggi yillarda iqtisodiy diplomatiya sohasida kuzatilgan, aniq raqamlarda aks etayotgan yuqori natijalarni qayd etish joiz.

O‘zbekiston Prezidentining Xitoyga davlat tashrifi yakuni bo‘yicha savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, ilmiy-texnikaviy va mintaqalararo hamkorlik sohalarida mustahkam hujjatlar to‘plami imzolangani quvonarli.

Xususan, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan moliyaviy vositalarni kengaytirish, Toshkent shahrida Xitoy Eksimbankining Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy vakolatxonasini ochish va “Havo ipak yo‘li” loyihasini birgalikda barpo etishga oid kelishuvlar alohida e’tiborga loyiq.

Bundan tashqari, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishni imkon qadar tezroq boshlash borasida ikki davlat rahbarlari siyosiy iroda namoyon qilayotgani juda muhim. Zero, bu loyiha beqiyos transport tizimini shaklllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shubhasiz, tashrif davomida erishilgan kelishuvlarning hayotga tatbiq etilishi ikki xalq farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ahmad TOHIR, Misrning “Hivor” siyosiy-axborot tadqiqotlari markazi rahbari:

– Xalqaro masalalar bo‘yicha mutaxassis sifatida O‘zbekistonning, ayniqsa, so‘nggi yetti yildagi taraqqiyotini diqqat bilan kuzatib boryapman.

O‘zbekiston va Xitoy rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakati tufayli ikki tomonlama munosabat barcha soha va yo‘nalishlarda misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilgani menda katta taassurot qoldirdi. O‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning o‘ziga xos ko‘p bosqichli tizimi, jumladan Hukumatlararo qo‘mita, Parlamentlararo guruh, tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasidagi strategik muloqot, faol gumanitar va mintaqalararo almashinuv kabi mexanizmlar shakllantirilgan.

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi. Bu ko‘rsatkichni, jumladan o‘zaro sifatli qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlari yetkazib berishni ko‘paytirish hisobiga 20 milliard dollarga yetkazish imkoni mavjud. O‘zbekistonda Xitoy sarmoyasi jadal o‘sib boryapti. Pekinning “Bir makon, bir yo‘l” global tashabbusi birlashtiruvchi kuchga aylandi va Markaziy Osiyo mintaqasidagi geografik kamchiliklarni afzallikka aylantirmoqda.

Xitoyning “Jenmin jibao” gazetasida chop etilgan “O‘zbekiston – Xitoy: ming yilliklarni qamrab olgan do‘stlik va hamkorlik” sarlavhali maqolani katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Xitoy munosabatini rivojlantirish bo‘yicha o‘z qarashlarini bayon qilarkan, ko‘p qirrali hamkorlik bilan bog‘liq muhim vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha yangi uzoq muddatli kun tartibi va dastur ishlab chiqishni taklif qilgan.

Xitoy bilan ko‘p qirrali munosabatni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. O‘zbekiston yetakchisining davlat tashrifi mavjud hamkorlikni yanada mustahkamlashiga ishonaman.

O‘zA