Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ahmad Josim Az-Zubaydiy: O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurash yo‘lidagi sa’y-harakatlari xalqaro miqyosda tan olinayotganidan quvondim (+video)
18:34 / 2024-02-26

Bugungi kunda har qanday davlat korrupsiyaga qarshi kurashishni o‘z siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlari qatorida e’tirof etishi shubhasiz. Ayni yo‘nalishda muvaffaqiyatli tizim yaratish esa keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali xorijiy mamlakatlar ilg‘or tajribasini o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish, vaziyatga tanqidiy yondashgan holda, milliy qonunchilikni takomillashtirishni taqozo qiladi.

Ma’lumki, 2016-yildan buyon 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni sifatida nishonlab kelinadi. Mazkur sana munosabati bilan har yili Qatar Amiri Shayx Tamim Ol Soniy tomonidan ta’sis etilgan “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak mukofot”ni topshirish marosimi o‘tkaziladi. Ayni jarayonda xalqaro mukofotning ramziy monumenti ochilishi ham an’anaga aylangan. O‘tgan yil tadbir joyi Qatardan Toshkentga ko‘chdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashishni jamiyat taraqqiyotining asosiy shartlaridan biri sifatida belgilab oldi. 2023-yil 19-dekabr kuni poytaxtda bo‘lib o‘tgan Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish yuksak mukofotini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim ham ayni yo‘nalishda yurtimizda olib borilayotgan amaliy ishlarning xalqaro e’tirofi, deyish mumkin. Arab, musulmon dunyosi vakili sifatida O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurash yo‘lidagi sa’y-harakatlari xalqaro miqyosda tan olinayotganidan juda quvondim.

Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish yuksak mukofoti joriy qilinishidan ko‘zlangan maqsad nafaqat ayni yo‘nalishda namuna bo‘layotganlarni rag‘batlantirish, balki e’tiborga molik harakat va ilg‘or amaliyotni, korrupsiyaga qarshi kurashning samarador usullarini butun dunyo bo‘ylab targ‘ib etisht, bu yo‘ldagi birdamlikni qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Shu o‘rinda, ramziy ma’noda tarixiy bir ma’lumotni keltirish joiz, deb bildim. Tarixchi Gerodot yozishicha, eramizdan avvalgi VI asrda hukmdorlik qilgan Eron shohi Kambiz Sizam ismli qozini pora olgani uchun jazolab, terisini shilib olish va o‘zi o‘tirgan qozilik kursisini o‘sha teri bilan qoplashni buyurgan. Qozilik lavozimiga esa poraxo‘rlik nima bilan yakun topishini hamisha yodda tutishi uchun Sizamning o‘g‘li Otan tayinlangan.

Binobarin, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish va ushbu illatning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, jumladan muayyan preventiv choralar, sohaga oid qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar, joriy qilinayotgan ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi, qolaversa, har bir idora va tashkilotda olib borilayotgan targ‘ibot alohida diqqatga sazovor. Ta’kidlamoqchi edimki, yo‘lga qo‘yilgan chora-tadbirlar samarasiga shaxsan o‘zim ham ko‘p bor guvoh bo‘lganman.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jY2Y21PpMoc" title="Az-Zubaydiy: Oʻzbekistonning korrupsiyaga qarshi kurash siyosati xalqaro miqyosda tan olinmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Muharrama Pirmatova yozib oldi.

Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA