O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi diplomatik munosabat zamirida ikki tomonlama hamkorlik, o‘zaro hurmat va manfaatdorlikka intilish mujassam. Bu aloqalar tarixiy, madaniy va geosiyosiy omillarga asoslangan bo‘lib, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini o‘taydi.
Ta’kidlash joiz, mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalaridagi sheriklik yil sayin mustahkamlanmoqda.
Ayniqsa, so‘nggi yillardagi oliy darajali uchrashuvlar, muzokaralar bu munosabatlarni mutlaq yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Anglaganingizdek, “Diplomatik rakurs” loyihasining navbatdagi mehmoni Pokiston Islom Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Faruq.

– Xayrli kun, janob elchi! Avvalo, taklifimizni qabul qilganingiz uchun tashakkur.
– Bu menga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Dasturingizga taklif etganingiz uchun rahmat.
– O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida diplomatik aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ikki davlat rahbarlari siyosiy irodasi bu hamkorlikka qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda?
– Bilasizmi, Pokiston va O‘zbekiston uzoq muddatli munosabatlarga, xalqlarimiz umumiy ma’naviy, madaniy va tarixiy merosga ega. Qolaversa, ikki o‘lka o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalar uchun ulkan salohiyat mavjud. Endilikda, ikki davlat yetakchilari shu salohiyatni ishga solish, tarixiy merosni davom ettirish va fuqarolarimiz uchun farovonlikni ta’minlashga intilmoqda.
E’tiborli jihati, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif joriy yilning o‘zida ikki marta uchrashdi. Bosh vazirimiz yurtingizga kelgani muvaffaqiyatli va tarixiy tashrif bo‘ldi. Yaqinda Xonkendi shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida yetakchilarimiz yana uchrashdilar.
Ikki davlat tashqi ishlar vazirlari ham muntazam ravishda aloqada bo‘lib turadi. Rahbarlarimiz telefon orqali ham bir-biri bilan doim aloqada bo‘lib turadi. Har qanday yuqori darajadagi hamkorlik munosabatni kengaytiradi. Umuman, ijobiy yo‘nalishda davom etayotgan munosabatlarni yanada yuqori cho‘qqilarga olib chiqishga intilamiz.
– Ma’lumki, davlatlarimiz iqtisodiyotini mustahkamlashga xizmat qiladigan ko‘plab tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Shular orasida strategik ahamiyatga ega loyihalar sifatida qaysilarini e’tirof etish mumkin? Yana qaysi sohalarda hamkorlik o‘rnatish mumkin?
– To‘g‘ri, mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik ahamiyatga ega loyihalar bisyor. Shu o‘rinda men ikki asosiy jihatni eslab o‘tmoqchiman. Biri iqtisodiy hamkorlik, ikkinchisi jahon iqtisodiyotiga integratsiya. Har ikki o‘lkada iqtisodiy salohiyat yetarli. Bilasiz, Pokiston aholisi 240 milliondan oshgan. Markaziy Osiyo aholisining yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi va yurtingiz iqtisodiyoti kun sayin yuksalmoqda. Demak, o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlik uchun imkoniyat juda keng. Masalan, Pokiston Markaziy Osiyo mintaqasiga eng qisqa dengiz yo‘lini taklif qila oladi.
Xullas, shu ikki yo‘nalishga tomonlar jiddiy e’tibor qaratib, hamkorlikni rivojlantirmoqda.
– Mamlakatlarimiz savdo aylanmasi hozir qanday ko‘rinishda, pokistonlik investorlar uchun yurtimizda qaysi sohalar jozibador hisoblanadi?
– Hozir savdo aylanmasi 400 million dollar atrofida. Davlat rahbarlarining Toshkentdagi uchrashuvidakelgusi to‘rt yil ichida bu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga olib chiqish maqsad qilingan.
Bilasizmi, savdo yo‘lidagi standart, bojxona to‘lovi, rasmiy tartib-qoida kabi har qanday to‘siqni olib tashlash bilan jiddiy shug‘ullanyapmiz. Yana, bizda imtiyozli savdo shartnomasi bor. Pokiston va O‘zbekiston bu haqdagi bitimni kengaytirishga intilmoqda. Faqat bugina emas, endilikda tomonlar savdo va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolash niyatida.
O‘tgan yil Pokiston Markaziy Osiyodagi birinchi ko‘rgazmasini juda muvaffaqiyatli o‘tkazdi, deb ayta olaman. Ikkinchi qism kelasi yil boshiga rejalashtirilgan. Joriy yil fevral oyida Lahor shahrida O‘zbekiston ham ko‘rgazma o‘tkazdi.
Bu yil Pokiston Bosh vaziri yurtingizga kelganda ikki davlat yetakchilari tadbirkorlarni rag‘batlantirdi. Shahboz Sharif o‘zi bilan Pokistonning qator yetakchi tadbirkorlarini olib keldi. Ayni payt ikki mamlakatda jami 130 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. To‘qimachilik, maishiy texnika sohalaridagi hamkorlik ancha jonlandi. Qolaversa, yana bir necha sektorga sarmoya kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqyapmiz.
– Pokiston Jahon savdo tashkilotiga 1995 yil a’zo bo‘lgan. O‘lkangiz tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekistonning ushbu tuzilmaga qo‘shilish yo‘lidagi sa’y-harakati va imkoniyatini qanday baholaysiz?
– Pokiston O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini olqishlaydi va barcha anjumanlarda qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Hatto, bu voqeani intiqlik bilan kutyapmiz. Mamlakatingizning bu boradagi sa’y-harakatiga kelsak, aytgan bo‘lardimki, jarayon o‘ta professional tashkil qilingan. O‘zbek birodarlarimizga bu borada muvaffaqiyat tilaymiz.
– O‘zbekiston va Pokiston Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydigan “geostrategik ko‘prik” sifatida ko‘riladi. Shu o‘rinda Trans-afg‘on temir yo‘li loyihasi haqida so‘zlashsak. Bu tashabbusning mintaqaviy ahamiyati nechog‘li?
– Ma’lumki, Gvadar va Karachidagi dengiz portlari jahon darajasidagi infratuzilma, avtomobil yo‘llari orqali Pokistonning qolgan qismi bilan tutashgan.
Hozir tranzit konteyner yoki boshqa biror mahsulot ortilgan tarkib Karachidan Toshkentga ikki haftadan kamroq vaqt ichida kirib keladi. Mozori Sharifni Karachi bilan bog‘laydigan Trans-Afg‘on temir yo‘li esa 14 kunlik vaqtni 4 kunga qisqartiradi. Tabiiyki, xarajat ham kamayadi. Mana, ushbu tashabbus qanchalik muhim.
Bu loyiha nafaqat Pokiston va O‘zbekistonni Afg‘oniston orqali, balki butun Markaziy Osiyoni o‘zaro bog‘laydi. Uch davlat yo‘nalishlarni kelishib olgan. Tez orada texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqishga kirishiladi. Shundan so‘ng jadal qurilish ishlari boshlanadi.
Aslida, Trans-Afg‘on temir yo‘lini ishga tushirish uchun bir necha yil kerak. O‘zbekistonning “Centrum” va Pokistonning “National logistics” kompaniyalari hamkorligida yuk tashish qo‘shma korxonasi tashkil etilyapti.
Karachidan boshlanadigan birinchi multimodal poyezd Peshovarga keladi. Keyin Mozori Sharif va Moskvaga boradi. Shu tariqa ayni yo‘nalishda harakatni ta’minlash uchun multimodal poyezd yo‘lga qo‘ymoqdamiz.
– Madaniy almashinuv va ta’lim sohasidagi hamkorlik qay tarzda davom etyapti? Turizm sohasida qanday umumiy rejalar bor?
– Pokiston va O‘zbekiston uzoq ma’naviy mushtarak tarixga ega. Samarqand yoki Buxoroning so‘fiy avliyolarini Pokistonda ham hurmat qilishadi. Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi davlat arboblari Pokistonda ham xuddi yurtingizdagidek e’zozlanadi. Biz Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy va boshqa allomalar ilmiy merosini ham yuksak qadrlaymiz.
Me’morchiligimizda ham umumiylik mujassam. Buxorodagi “Ark qal’asi” va Lahordagi “Shohi qal’a”ni olaylik: o‘xshashlik yaqqol.
Ikki davlat yetakchilari Toshkentda madaniy va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratishdi. Shu munosabat bilan yoshlar delegatsiyalari almashinuvi va birgalikda hujjatli filmlar suratga olishni maqsad qilganmiz.
O‘tgan yilga qadar mamlakatlarimiz o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi yo‘q, aniqrog‘i COVID pandemiyasidan keyin to‘xtagan edi. O‘tgan yil noyabr oyidan boshlab havo qatnovi tiklandi. Ayni payt Toshkentdan haftasiga uch reys bor: ikkisi Lahorga, biri Islomobodga. Parvozlar har ikki tomon uchun foydali, moliyaviy jihatdan ham qulay.
Yaqinda Pokistonning turizm bo‘yicha rasmiy delegatsiyasi kelib, o‘zbekistonlik hamkasblari bilan muloqot olib bordi. Hozir ikki o‘lkaning ulkan sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish ustida ishlayapmiz.
– Xalqlarimiz tarixan bir-biriga yaqin. Har ikki tomonda o‘zaro manfaatli sheriklikni yo‘lga qo‘yish istagidagi muassasalar sanoqsiz. Shu nuqtai nazardan ellarimizni yanada yaqinlashtirish uchun elchixona tomonidan qanday ijtimoiy-siyosiy, madaniy-gumanitar tadbirlar ko‘zda tutilgan?
– Siz nazarda tutgan jihat xalqlarimizni birlashtirishga qaratilgan rejaning bir qismi. Bu jarayon “xalq diplomatiyasi” deb ataladi.
Yaqinda 19 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston kriket terma jamoasi Pokistonda bo‘lib, o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazdi. Elchixonamiz tomonidan do‘stlik haftalari ham o‘tkazilyapti. Avgust oyida O‘zbekiston – Pokiston madaniy merosiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil qilamiz.
O‘zim ham O‘zbekistondagi yetakchi universitetlarga borib, yoshlar bilan muloqot qilaman, fikr almashaman. Ikki davlatning turli universitetlari ham o‘zaro aloqalar o‘rnatishyapti.
Shuningdek, tahlil markazlari ekspertlari muloqotiga ham ko‘maklashyapmiz.
– Ma’lumki, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA va Pokistonning “Associated Press Of Pakistan – APP” axborot agentligi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilib, tegishli memorandum imzolangan. Axborot almashish va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan sheriklikni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflaringizni bildirsangiz?
– Axborot almashish juda muhim yo‘nalish va bu borada imkoniyatlarimiz bisyor. Pokiston Bosh vaziri tashrifidan so‘ng, ayniqsa, axborotlashtirish yo‘nalishini kengaytirish bo‘yicha tez-tez fikr almashilyapti.
Fikrimcha, ikki agentlik o‘rtasida eksklyuziv intervyular, tahliliy maqolalar, fotojurnalistika sohasida kontent almashinuvi sheriklik mazmunini boyitadi. Qolaversa, qo‘shma media loyihalarni ilgari surish, ya’ni birgalikda madaniy va sayyohlik mavzulariga oid reportajlar tayyorlash, onlayn vebinarlar tashkil etish xalqlarimiz bir-birini yanada yaqinroq anglashini ta’minlaydi.
OAV xodimlari uchun stajirovka dasturlari, media treninglar tashkil etish orqali ilg‘or tajriba va bilim almashish mumkin. Noxolis ma’lumot tarqatilishiga qarshi kurashish, axborot xavfsizligi bo‘yicha birgalikda tahlil olib borish ham muhim.
Men yurtingizning ko‘p hududlarida bo‘lganman, ikki madaniyatning umumiy jihatlariga bevosita guvohiman, desam ham bo‘ladi. Birgina misol: o‘zbek va urdu tillarida 4000 dan ortiq umumiy so‘z bor. Anglaganingizdek, ko‘pgina jihatlarimiz mushtarak. Istiqbolda adabiy va madaniy yo‘nalishlarda ham manfaatli loyihalarni yo‘lga qo‘yishimiz mumkin.
– Bobur merosi – misoli Andijon va Lahorni yaqinlashtiruvchi ma’naviy bog‘lama. Shunday emasmi?
– Zahiriddin Muhammad Bobur – buyuk davlat arbobi. U asos solgan Janubiy Osiyodagi eng boy imperiya va mashhur sulola Avrangzeb davrida dunyoda tengsiz ulkan hududga ega edi.
Bu imperiya ayni cho‘qqisida jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb chorak qismini ishlab chiqargan. Tasavvur qilaylik, ular yaratgan siyosiy tizim, boshqaruv, arxitektura, tartib-tamoyil va adolat jahon xalqlari taraqqiyotida munosib o‘rin egallagan. Pokistondagi hukumat binolariga razm solsangiz, o‘sha qadim davr namunalariga guvohi bo‘lasiz.
Umuman, Bobur Andijondan Lahorgacha kelganda bu hududlar vatanimizning madaniy poytaxtiga aylangan. Shu jihatlar umumiy merosimizni birlashtirgan vositalardir.
Yuqorida ta’kidlaganimdek, birgalikda Bobur haqida tarixiy film ishlashimiz mumkin. Shuni iftixor bilan aytishim mumkinki, biz pokistonliklar o‘zimizni Bobur imperiyasi vorislari, deb hisoblaymiz.
– Janob elchi, mazmunli suhbat uchun tashakkur. O‘ylaymanki, muloqotimiz ko‘pchilik uchun foydali bo‘ladi. Sizni O‘zAning yangi loyihalarida kutib qolamiz.
– Sizga ham yana bir bor rahmat. O‘zbek xalqi bilan O‘zA orqali gaplashishim uchun imkoniyat yaratilganidan mamnunman.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Hr1317qsdCo?si=BQCvPRbT4QzhNHTj" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘tkir ALIMOV suhbatlashdi.
Abror SODIQOV (tasvirchi)
O‘zA