Ahmad Donish o‘z zamonasining yirik mutafakkirlaridan biri bo‘lib, ilm-fan, falsafa, tarix va ijtimoiy hayotga oid muhim fikrlarni qoldirgan. Uning asarlari Buxoro amirligidagi siyosiy-madaniy muhitni yoritish bilan birga, musulmon olamining ilmiy va falsafiy qarashlarini ham aks ettiradi.
Bugungi kunda yurtimizda ulug‘ allomalarning fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini chuqur o‘rganish va ularning asarlarini keng jamoatchilikka tanitishga qaratilgan ko‘plab ezgu ishlar izchil davom etmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi buyuk mutafakkir Ahmad Donish ilmiy merosiga bag‘ishlangan maxsus loyiha tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Loyiha doirasida Ahmad Donishning boy ilmiy merosi, xususan, uning mashhur "Navodirul-vaqoye" asari qo‘lyozmalari tadqiq etiladi. Olib boriladigan tadqiqotlar orqali ushbu qo‘lyozmalar ilmiy jihatdan tahlil qilinadi, ularning mazmuni va tarixiy ahamiyati o‘rganiladi. Shu asosda Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish uchun maxsus kontentlar tayyorlanadi, deyiladi Islom sivilizatsiyasi markazi ma’lumotida.
Ushbu loyiha Ahmad Donish merosini zamonaviy texnologiyalar yordamida targ‘ib qilish va ilmiy jamoatchilik uchun yangi tadqiqot imkoniyatlarini yaratadi.
A.RUSTAMOV, O‘zA