English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ahmad bobo Jalilov : “ Yurtimning yana bir gullagan bahori, dorilomon kunlarini qarshi olganimga shukur”
10:16 / 2022-05-08

Umr so‘qmoqlari bo‘ylab odimlab borar ekanmiz, ortda qolayotgan manzillar, yillar hayotimizning bir parchasi sifatida, o‘zimiz bitmagan bo‘lsakda, tariximizga aylanaveradi.

Inson o‘ziga berilgan yashash imkoniyatidan faqat ezgulik yo‘lida foydalanishga intiladi, tosh kelsa, kemiradi, suv kelsa, simiradi. Ikkinchi jahon urushida elini, Vatanini dushmandan himoya qilishga otlangan millionlab insonlar ana shu imkoniyatni jangu jadallar, qurbonlar, yurakda qolgan o‘chmas jarohatlarga almashdilar.

Har yili mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni keng nishonlanadi. Bayram munosabati bilan  urush faxriylari xonadonlariga borilib, holidan xabar olinadi, sovg‘a salomlar topshiriladi. Ayniqsa urush qatnashchilarining boshidan o‘tkazgan qonli janglar haqidagi hikoyalari kishida o‘zgacha taassurot qoldiradi. Ammo vaqt o‘z hukmini o‘tkazmoqda. Afsuslanarlisi ular birin-ketin bizni tark etmoqda. Masalan, o‘tgan yili Qashqadaryo viloyatida 21 nafar urush qatnashchisi istiqomat qilgan bo‘lsa, bu yil ular bor yo‘g‘i 12 nafar qoldi. Nazarimda ular bilan birga jonli urush xotiralari ham bizni tark etayotgandek.

Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov Qarshi shahrida yashayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Ahmad bobo Jalilov va Vera Nasirova xonadonida bo‘lib, Prezidentimizning 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ularga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Davlatimiz rahbarining qimmatbaho sovg‘asi va 15 million so‘mlik bir martalik pul mukofotini tantanali topshirdi.

Bayram munosabati bilan urush faxriylarining xonadonida tashkil etilgan tadbirlarda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov, viloyat sudi raisi Abduqayum Mahkamov, shahar hokimi Normo‘min Xolboyev, sektorlar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiylar, mahalla faollari, yoshlar ishtirok etdi.

- Shunday kunlarga yetkazganiga shukr, - deydi  Ahmad bobo Jalilov. – Yurtimizning yana bir gullagan bahorini, dorilamon kunlarini qarshi oldim. Har gal meni yo‘qlab kelgan yoshlar bilan suhbatlashib, yoshlik xotiralarim jonlanadi, ularga havasim keladi. Biz o‘yin kulgu nimaligini bilmay o‘tdik. Umrimizning eng gullagan kezlarini qonli janggohlarda o‘tkazdek. Hukumatimizning biz kabi faxriylarga qaratayotgan e’tiboridan minnatdormiz. Armonimiz qolmadi.

Ma’lumot o‘rnida joriy yilda Qashqadaryoda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida” gi farmoniga ko‘ra,  Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirib, fashizmga qarshi janglarda, mehnat frontida jonbozlik ko‘rsatgan faxriylarimizga alohida e’tibor va ehtirom ko‘rsatish hamda urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida 15 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti tarqatilmoqda. Ayni paytda viloyatda 12 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qilmoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.