Suriyaning o‘tish davri rahbari Ahmad Ash-Shara’ Anqarada Turkiya yetakchisi Rejep Tayyip Erdog‘an bilan uchrashdi, deya ma’lum qildi Anadolu.
O‘zaro muzokaralardan so‘ng Prezidentlar qo‘shma matbuot anjumanida nutq so‘zladi.
Prezident Erdog‘an eng umidsiz va og‘ir kunlarda muammolarga duch kelgan Suriya xalqini tashlab ketmagan Turkiya yangi davrda ham ushbu mamlakatga zarur yordam berishini bildirdi.
– Suriya xalqi 13 yarim yildavomida turli vahshiyliklarga uchradi, – dedi u. – Ko‘p bor g‘ayriinsoniy qirg‘inga, jumladan kimyoviy qurol zarbasiga duchor bo‘ldi. 1 millionga yaqin suriyalik birodarimiz, afsuski, sobiq rejim va terror tashkilotlari hujumi natijasida hayotdan ko‘z yumdi. Millionlab odam uyini, tug‘ilgan joyini, yurtini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi. Shunga qaramay, mamlakatning mard o‘g‘lonlari zulmkor tartib tarafdorlariga qarshi kurashdan hech qachon to‘xtamadi. 8 dekabrdagi yakuniy g‘alaba xalqinikidir. Mamlakat tarixida yangi sahifa ochildi. Endi xalq o‘z kelajagini belgilash irodasiga ega. Hududiy yaxlitlik va birlikni saqlab qolish har doim Suriyaga nisbatan siyosatning asosi bo‘lgan. Ushbu muhim davrda fuqarolar irodasini aks ettiruvchi inklyuziv va keng qamrovli yondashuv asosida mamlakat boshqaruvini tashkil etishga ahamiyat beramiz. Gumanitar yordam ko‘rsatish, vayron bo‘lgan shaharlar va muhim infratuzilma ob’ektlarini tiklashda ko‘mak berishga tayyormiz. Iqtisodiy rivojlanish tezlashsa, ixtiyoriy qaytish ham jadallashadi. Boshqa tomondan, Suriyaga nisbatan qo‘llangan qator xalqaro sanksiyalar iqtisodiyot va infratuzilmani tiklashga to‘sqinlik qilmoqda. Cheklovlarni olib tashlashga qaratilgan harakatlarimiz qisman yengillik olib keldi. Binobarin, to‘liq natijaga erishmagunimizcha, sa’y-harakatni davom ettiramiz.
M.Pirmatova, O‘zA