Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ahil jamoamiz doim birdamlikda ishlaydi (+video)
17:03 / 2024-10-15

“Toshkent issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati mamlakatimiz energetika tizimida quvvati jihatidan ikkinchi o‘rinda turuvchi korxona hisoblanadi. Bu yerda 12 ta an’anaviy energoblok va bitta zamonaviy 370 MVtli bug‘-gaz qurilmasi mavjud.

Ushbu stansiya Toshkent viloyati, qisman Toshkent shahri va Farg‘ona vodiysi viloyatlari iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Bu yerda ishlab chiqarish uzluksizligini ta’minlashda 1 ming 200 dan ortiq ishchi-xodimning alohida hissasi bor.     

E’tiborli jihati, korxona faoliyatida o‘z ishining ustasi bo‘lgan munis ayollar va dilbar qizlarning mehnati beqiyos. Bu gal “Yoqilg‘i-energetika sohasida mehnat qilayotgan xotin-qizlar hayotiga bir nazar” ruknida ushbu stansiyada ishlayotgan elektromontyor  Aynura Akbarova va yoqilg‘i quyuvchi Sevara G‘ulomovaning faoliyatiga nazar tashlaymiz.   

Aynura Akbarova 2006 yildan buyon stansiyaning markaziy boshqaruv pulti elektromontyori bo‘lib ishlaydi. Uch nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan Aynura opa oilani ham, ishini ham bir maromda olib boradi. O‘tgan yillar mobaynida turmush o‘rtog‘i bilan teng ishlab, teng ro‘zg‘or tebratdi.   

Aynura Akbarovaning turmush o‘rtog‘i ham shu sohada mehnat qiladi. Bu esa Aynura opaning smenada, ya’ni kechasi yoki kunduzi ishlashida qo‘l keladi. Hatto Aynura opaning o‘g‘li ham ota-ona kasbini tanlab, shu yo‘nalishda o‘qidi va ta’lim oldi. Bugun u ham ota-onasi kabi ana shu sharafli kasbda mehnat qilmoqda.   

–Ishimiz juda mas’uliyatli. Suriluvchan grafikda ishlaymiz. Bu kechasi ham, kunduzi ham ish degani. Biz ishlab chiqarilgan elektr energiyasining hisobini yuritamiz. Masalan, bir soatda yoki bir sutkada qancha elektr energiyasi ishlab chiqarilgani va elektr qurilmalarining ishlash jarayonlarini kuzatib boramiz. Maqsad esa stansiya faoliyatini bir maromda tashkil qilishdan iborat. Odatda, smena boshliqlari va muhandislar erkaklar, ayollar asosan elektromontyorlik vazifalarida ishlaydi. Agar avariyaviy holatlar yuz berib qolsa, biz smena boshliqlari yoki muhandislar ko‘rsatmasi asosida vaziyatni o‘nglaymiz. Agar rahbariyat bo‘lmasa, tizim operatori ko‘rsatmasi bo‘yicha ish tutamiz. Muhimi, bunday vaziyatlarda xodim  o‘zini tutish va to‘g‘ri qaror qilishni bilishi talab etiladi. Ochig‘ini aytish kerakki, ko‘p yillik faoliyatim davomida biron marotaba ham stansiyaning o‘zida avariyaviy holat kuzatilmagan. Bu bevosita ahil jamoamizning birdamlikda ishlashi va o‘z ishini yaxshi ko‘rishi bilan bog‘liq. Qolaversa, stansiya rahbariyati ishchi-xodimlarni, ayniqsa, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi, – dedi A.Akbarova.   

Yoqilg‘i transport sexi ishchisi Sevara G‘ulomova bilan suhbatimiz yanada qizg‘in kechdi. U ko‘z o‘ngimizda sisternadan mazut yoqilg‘isini maxsus yo‘lakka quyishni tezkor va mahorat bilan bajardi. Bundan biz ham hayratlandik, ham ajablandik. Chunki u chaqqonlik bilan baland sisternaga chiqdi va uning qopqog‘ini ana shunday chaqqonlik bilan ochdi.   

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/seyOHcQ6lP0" title="Ahil jamoamiz doim birdamlikda ishlaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

–Ochig‘i, menga ko‘p bor ish taklif qilishgan. Lekin rozi bo‘lmaganman. Chunki ishimni yaxshi ko‘raman. Sexda 12 nafar xotin-qiz hammamiz ahillikda ishlaymiz. Erkaklar bilan hamjihatmiz. Ular bizni hamisha qo‘llab keladi.  Ishga kelganimda, seximizga shoshaman. Bu ham ishdagi jamoaning birdamligi bilan bog‘liq, deb o‘ylayman. Har qanday ishning o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor. Shu qiyinchiliklarda toblangan xodim bu yerda o‘z o‘rnini topadi. Ikki nafar farzandim bor. Ular ham oilali bo‘lib ketgan. Bir-biridan shirin nevaralarim bor. Ular mening hayotimga mazmun bag‘ishlaydi. Ishga va yashashga bo‘lgan kuchni ulardan, qolaversa, jamoamizdan olaman, – deya so‘zini yakunladi Sevara G‘ulomova.  

Nasiba Ziyodullayeva,

Doniyor Yoqubov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video-montaj),

O‘zA