So‘ngi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy jihatdan rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarilmoqda. Davlatimiz rahbari namoyon etayotgan mustahkam siyosiy iroda natijasida “amalda inson qadri” degan muhim tashabbus o‘z ifodasini topib bormoqda. Bu yo‘lda boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish, bunda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini ham alohida hisobga olish kabi dolzarb masalalar o‘zining ijobiy yechimiga ega bo‘lmoqda.

Sir emaski, inson manfaatlarini himoya qiluvchi eng muhim boshqaruv tizimlaridan biri bu sud-huquq tizimidir. Shuning uchun ham mazkur tizimning adolatli yo‘lga qo‘yilishi g‘oyat muhim sanaladi. Chunki, unda bevosita inson taqdiridek nozik masala hal etiladi. Xususan, Prezidentimizning Murojaatnomasida sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirish yo‘lida muhim qadamlardan biri sifatida “xalq vakillari hay’ati” instituti tilga olindi. Buning nechog‘lik ahamiyat kasb etishi haqida Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik Tadqiqot markazi rahbari, yuridik fanlari doktori Ahadjon Hakimovga yuzlandik.
– Qadimdan muhim sudlar xalq oldida katta maydonlarda o‘tkazib kelingan, – deydi A.Hakimov. – Masalan, bugungi kunda O‘zbekiston huquqiy tizimi mansub bo‘lgan roman-german huquq oilasining bosh ildizi hisoblanmish qadimgi Rimda ham jamoat hayoti uchun markaziy maydon vazifasini “forum” deb atalgan joylar bajargan. Forumlar nafaqat ommaviy munozaralarning markazi, balki jamiyat hayotida ro‘y berayotgan huquqiy masalalar va jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish uchun muhim maskan bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda, sudlar xalqning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lib, xalqning adolat jarayoniga guvoh va ishtirokchi bo‘lishiga imkon yaratgan.
– Davlatimiz rahbari sudlarning shaffofligiga alohida e’tibor qaratib, bunda xalq vakillari xususan, mahalla tashabbuskor bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Xo‘sh, bugungi kunda sudlarda shaffoflik qay darajada ta’minlanmoqda?
– Albatta, hozirgi sharoitda millionlab aholiga ega jamiyatlarda barcha ishlarni bitta ochiq makonda olib borish jismonan ham, tashkiliy jihatdan ham imkonsiz. Biroq bu kabi holatlar sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirish yo‘lida to‘siq bo‘lishi kerak emas.
Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 26 dekabrdagi Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga Murojaatnomasida sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirish yo‘lida muhim qadamlardan biri sifatida “xalq vakillari hay’ati” instituti haqida so‘z bordi. Prezidentimiz ushbu Murojaatnomada jinoyat protsessida ingliz huquqiga mansub davlatlarda o‘zining samaradorligini isbotlagan “xalq vakillari hay’ati” institutini bosqichma-bosqich joriy etish, ayniqsa, o‘ta og‘ir hamda keng jamoatchilik e’tiborini tortayotgan jinoyat ishlarining jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishi sud qarorlarining yanada xolis va adolatli bo‘lishiga xizmat qilishini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
– Xo‘sh, Xalq vakillari hay’ati o‘zi qanday institut?
– Xalq vakillari hay’ati instituti Angliyada XII asrda vujudga kelgan. Mazkur institut bugungi kunda Buyuk Britaniya hamda AQSHda adolatni o‘rnatishning asosiy ustunlaridan biri hisoblanadi. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, tasodifiy tarzda tanlangan 12 nafar oddiy fuqaro asosan o‘ta og‘ir jinoyat ishlarida faktlarni aniqlash hamda sudga hukm chiqarishda yordamlashishga mas’ul bo‘ladi. Tanlab olingan 12 nafar oddiy fuqaro (AQSHda jinoyatning turiga qarab ular 6-8 nafarni tashkil etishi ham mumkin) sudga chaqirilgach, ular sudda albatta, qatnashishi lozim bo‘ladi. Ushbu fuqarolar jinoyat ishlarida sudya bilan birgalikda jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs va boshqalarning so‘zlarini eshitib, ayblanayotgan shaxsni aybdor yoki aybsiz deb topishda ishtirok etadi.
Qisqacha qilib aytganda, xalq vakillari hay’ati instituti jinoyat ishlarida davlat hokimiyatini nazorat qilish vositasi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi hamda sud jarayonlarida adolatni ta’minlash, fuqarolarga, hukumat tomonidan tayinlangan “sudya” deb atalmish mansabdor shaxslargina emas, o‘zlari bilan bir jamiyatda yelkadosh va hamnafas bo‘lib yashayotgan oddiy fuqarolar tomonidan ham baholanish imkonini beradi. Bu orqali sud jarayoniga sog‘lom aql, jamiyatning qadriyatlari va xilma-xil qarashlar olib kiriladi. Shuningdek, sudyalar tomonidan xatoliklarga yo‘l qo‘yilishi yoki tarafkashlik kabi xavflarni kamaytiradi.
– Aytingchi, Xalq vakillari hay’ati instituti ingliz huquq tizimidagi mamlakatlarda o‘zini oqlagani mamlakatimiz huquq tizimiga ham mazkur institutni joriy qilish uchun yetarli asos bo‘la oladimi?
– Huquqshunoslarga ochiq-oydin ma’lumki, ingliz huquq tizimi roman-german huquq tizimidan keskin farq qiladi. Bu borada O‘zbekiston kabi roman-german huquq oilasiga mansub bo‘lgan mamlakatlarda ham bu kabi institut joriy etilgan yoki yo‘qligini ko‘zdan kechirishning o‘zi kifoya, nazarimizda. Bunday mamlakatlardan biri, sudyalarning mustaqilligi hamda sud tizimining adolatliligi bilan nom qozongan Yaponiyadir. Kunchiqar mamlakat roman-german huquq tizimiga mansub bo‘lsa-da, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng anglo-amerikan tizimdan ham bir qancha institutlarni o‘z huquq tizimiga tatbiq etib keladi. Shulardan biri xalq vakillari hay’ati institutidir. Yaponiyada sud tizimini demokratlashtirish va fuqarolarning qarashlarini sud jarayonlarida aks ettirish maqsadida 2004 yilda mazkur institutni joriy qilishni nazarda tutuvchi qonun qabul qilingan.
– Xorijiy mamlakatlardan olib kirilayotgan institutlar madaniyatimiz hamda qadriyatlarimizga qanchalik mos keladi?
– O‘rinli savol, aytib o‘tish kerakki, bu institut ingliz huquqiga mansub mamlakatlar yoki Yaponiyada samara bergan bo‘lsa-da, u yerdagi insonlar va mamlakatimizdagi insonlar o‘rtasida madaniy, diniy hamda tarixiy farqlar mavjud. Biroq Islom huquqi bo‘yicha mashhur amerikalik professor Jon Makdisi o‘zining “Ingliz huquqining islomiy asoslari” deb nomlangan ilmiy asarida bugungi kunda ingliz huquq tizimidagi mamlakatlarda mavjud bo‘lgan xalq vakillari hay’ati instituti aslida Islom huquqidagi “lafif” institutiga juda ham o‘xshash ekanini ta’kidlaydi. Ya’ni, Jon Makdisining fikricha mazkur institut XII asrda Angliya qiroli Genrix II tomonidan joriy etilgan bo‘lsa-da, uning kelib chiqishi masalasi g‘arb olimlari o‘rtasida hanuzgacha bahsli bo‘lib qolmoqda. Chunki, ular keltiradigan ko‘plab tarixiy asoslar xalq vakillari hay’ati tizimining o‘ziga xos xususiyatlari bilan mos kelavermaydi.
Aksincha, Islom huquqidagi lafif instituti xalq vakillari hay’atiga ancha yaqin keladi.
– Lafif instituti haqida ham ma’lumot berib o‘tsangiz.
– Lafif instituti asosan molikiy mazhabi amaliyotida shakllangan va muayyan ish bo‘yicha mahalliy jamoa vakillaridan tashkil topgan guvohlar guruhi bo‘lgan. Odatda ularning soni o‘n ikki kishidan iborat bo‘lib, ular ishga daxldor holatlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan yoki qulog‘i bilan eshitgan bo‘lishi, taraflar bilan manfaatlar to‘qnashuviga ega bo‘lmasligi va rostgo‘y bo‘lishi talab etilgan. Aslida Islom huquqida ham oddiy ishlar uchun ikki guvoh yetarli bo‘lsa, lafif murakkab, jamoat hayotiga da[ldor yoki uzoq davom etgan nizolarda qo‘llanilgan. Bunday holatlarda ko‘proq guvoh jalb etish orqali xato va yolg‘on ehtimoli kamaytirilgan. Masalaning eng muhim jihati shundaki, lafif institutida o‘n ikki guvohning ko‘rsatmalari qozi uchun muhim ahamiyat kasb etgan. Agar o‘n ikki guvoh barcha qo‘yilgan talablarga javob bersa, qozi ularning ko‘rsatmasiga zid qaror chiqarish huquqiga ega bo‘lmagan, deydi Jon Makdisi. Shu sababli, lafif institutida “asl hukm chiqaruvchi — guvoh, qozi esa faqat ijrochi” vazifasini bajargan. Lafifning mana shu jihati ham ingliz huquqidagi xalq vakillari hay’atining suddagi roliga juda ham yaqin. Shunday qilib, VII-VIII asrlarda musulmon jamiyatlarida asos solingani aytiladigan lafif instituti keyinchalik ingliz huquqidagi xalq vakillari hay’ati instituti uchun tamal toshini qo‘ygan degan xulosani beradi.
– Qimmatli va ilmiy asoslangan ma’lumotlar uchun tashakkur. Shunday qilib, muhokama etilayotgan masala yuzasidan qanday xulosaga kelish mumkin?
– Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Prezidentimizning Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga Murojaatnomasida alohida ta’kidlab o‘tilgan xalq vakillari hay’ati institutining tarixiy ildizlari musulmon jamiyatiga borib taqaladi. Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekiston huquqiy tizimi kabi roman-german huquq oilasiga mansub bo‘lgan mamlakatlar ham bu institutni sudlarining amaliyotida aks ettirayotgani esa mazkur institutning tajribadan o‘tgan va ilg‘or demokratik mamlakatlar e’tiborida ekanini isbotlaydi. Demak, mamlakatimizda ham xalq vakillari hay’ati institutini bosqichma-bosqich joriy qilish oddiy fuqarolarga o‘ta og‘ir jinoyat ishlari bo‘yicha sud muhokamalarida ishtirok etib, sudmyalar bilan birgalikda aybdor yoki aybsiz deb topish hamda jazoni belgilash masalasini hal qilish imkoniyatini taqdim etadi. Shu bilan birga, xalqimiz orasida sudning oshkoraligi va ishonchliligini oshirishga xizmat qilib, sud qarorlarining yanada xolis va adolatli bo‘lishiga zamin hozirlaydi deb ishonch bilan ayta olamiz.
Ko‘rinib turibdiki, davlatimiz rahbari ilgari surayotgan mazkur tashabbus o‘zining mantiqiy asosiga ega. Quvonarlisi shuki, uning ahamiyatini xalq ongiga singdirish va amaliyotga tadbiq qilishda o‘z salohiyati bilan ishtirok etadigan mutaxassislar yetarlicha. Bu juda ham muhim. Negaki, islohotlarning mohiyati to‘laqonli anglanmasa, samaradorlik ham kutilganidek bo‘lmaydi.
Sherbek Islomov suhbatlashdi,
O‘zA