Ko‘rgazmalar
Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz“ markaziy ko‘rgazmalar majmuida ochilgan "Agro sanoati – AgroWorld Uzbekistan 2023» 18-xalqaro ko‘rgazmasida 20 mamlakatdan 172 kompaniya ishtirok etmoqda.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va bir qator rasmiy tashkilotlar ko‘magida tashkil etilgan ko‘rgazma qishloq xo‘jaligi sohasidagi so‘nggi ishlanmalardan tortib iste’mol mahsulotini olishgacha bo‘lgan butun ishlab chiqarish zanjirini bitta maydonga jamlagani bilan ahamiyatlidir.
Ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biri bo‘lib, YAIMning qariyb 21,4 foizini tashkil etadi.
Ko‘rgazma ochilishida “Iteca yexhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanova qayd etganidek, “AgroWorld Uzbekistan” ko‘rgazmasi eksponatlarning statik namoyishi emas, balki o‘zgaruvchan bozor talablarini aks ettiruvchi moslashuvchan platformadir.
– Ko‘rgazmada namoyish etilgan qishloq xo‘jaligi sanoati tarmoqlarining keng spektri, namunalar va namoyish etilgan uskunalar va texnologiyalarning ishlatish maqsadining turli xilligi buning yaqqol dalili. Shu ma’noda, ko‘rgazma pavilonlaridan don, omuxta yem, issiqxonalar, bog‘dorchilik, parrandachilik, chorvachilikka oid mahsulotlar, veterinariya, shuningdek, chorva va parranda so‘yish, go‘sht xomashyosini birlamchi qayta ishlash uskunalari, fermer xo‘jaliklari va parrandachilik fabrikalari uchun uskunalar, baliqchilik xo‘jaliklari uchun texnologiyalari o‘rin olgan. Bu mahsulotlar O‘zbekiston, Avstriya, Belarus Respublikasi, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Iordaniya, Eron, Ispaniya, Italiya, Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Serbiya kabi davlatlarning kompaniyalari tomonidan taqdim etilmoqda. E’tiborlisi, bu yil ishtirokchilar geografiyasi kengaydi. Iordaniya, Serbiya, Niderlandiya va Sloveniya kompaniyalari ilk bor ishtirok etayapti, – dedi N. Hasanova.
[gallery-10991]
Shuningdek, ko‘rgazmada Niderlandiya milliy ekspozitsiyasi taqdim qilinmoqda. Ushbu ekspozitsiya parrandachilik fermalari va intensiv chorvachilik, inkubator tuxumlarini ishlab chiqarish, kartoshka omborlarining ventilyatsiya tizimlari, sovuqxonalar, meva bog‘larini loyihalash, o‘g‘itlar va o‘simliklarni biologik himoya qilish, issiqxonalar, sabzavot urug‘lari, meva va sabzavotlarni saqlash, qadoqlash kabi mahsulotlarni taqdim etadigan 23 kompaniyadan iboratdir.
Niderlandiya qirolligi Qishloq xo‘jaligi, tabiat va oziq-ovqat sifati vazirligi maxsus vakili Frederik Vossenaar “AgroWorld Uzbekistan 2023” xalqaro ko‘rgazmasining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etganidan mamnun ekanini bildirdi.
– O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasi ancha yaxshi rivojlanayotgani va Niderlandiya agrobiznesining mamlakatingizga qiziqishi oshib bormoqda. Balki Niderlandiya O‘zbekistonga nisbatan kichik davlatdir, lekin men ularning qishloq xo‘jaligi sohasida kuchli ekanligiga ishonaman. Masalan, Niderlandiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Uning agroeksporti 2021 yildagi 105 milliard yevrodan 2022 yilda 121 milliard yevrogacha oshdi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda ham ulkan salohiyatga ega. Bu borada O‘zbekiston va Niderlandiya ishonchli sheriklar, deb hisoblayman, – dedi janob Frederik Vossenaar.
An’anaga ko‘ra, ko‘rgazmaning ikkinchi kuni, ya’ni 16 martda O‘zbekiston fermerlar, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ko‘magida "Fermerlar kuni" o‘tkaziladi. Unda fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari hamda bosh mutaxassislar uchun ko‘rgazma ishtirokchilari bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri