Sirdaryo viloyatida O‘zLiDeP viloyat Kengashining tashabbusi bilan talaba yoshlar ishtirokida “Agroturizm imkoniyatlari” mavzusida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Unda partiyaning Mirzaobod tuman Kengashi apparat rahbari, deputatlar, yosh tadbirkorlar va partiyaning yoshlar qanoti a’zolari faol ishtirok etishdi.
– Tadbirning asosiy maqsadi — qishloq xo‘jaligi salohiyatidan samarali foydalanish, agroturizm yo‘nalishini rivojlantirish orqali yoshlar bandligini ta’minlash va hududlarning iqtisodiy jozibadorligini oshirish, – deydi partiya viloyat Kengashi Yoshlar muammolarini o‘rganish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mudiri Elyor Jo‘rayev.

Tadbir davomida yoshlar uchun agroturizm sohasida imtiyozli kreditlar va davlat qo‘llab-quvvatlov mexanizmlari, mahalliy sharoitga moslashtirilgan xorijiy tajribalar, shuningdek marketing, xizmat sifati va raqamli platformalardan samarali foydalanish masalalarida fikr yuritildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, amaliy takliflar va innovatsion g‘oyalarni ilgari surishdi, agroturizm orqali yangi biznes yo‘nalishlari va daromad manbalari yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, agroturizm nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki turizm va tadbirkorlikni uyg‘unlashtirgan istiqbolli yo‘nalish sifatida katta ahamiyatga ega. Yoshlarning ushbu sohaga qiziqishi ortib borayotgani, ularning bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va hududlarning kompleks rivojlanishi uchun agroturizmning imkoniyatlari alohida qayd etildi.

Shuningdek, tadbir orqali yoshlarda tadbirkorlik va innovatsion fikrlashni rivojlantirish, ularning mahalliy resurslardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Yoshlar agroturizm orqali o‘zlarining tashabbuskorligini namoyon etish va yangi ishbilarmonlik loyihalarini amalga oshirish imkoniga ega ekanligi ta’kidlandi.
O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi bunday tadbirlarni izchil davom ettirish, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ular uchun samarali loyihalarni amalga oshirishni belgilab oldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri