Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Agrotexnikalar mavsumga shaymi?
19:26 / 2023-01-31

Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlariga yil o‘n ikki oy ish topiladi. Binobarin, qish fasli ham ular uchun mas’uliyatli davr hisoblanadi. Ya’ni, bahorgi dala ishlarida qatnashadigan texnikalarni mavsumga hozirlash qishda olib boriladi.

Namanganda 2023 yil bahorgi dala ishlarida ishtirok etadigan qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlash ishlari qanday ketmoqda? Mavjud texnika va mashinalar mavsumga shay holatdami? Bu haqida Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.  

Qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlarning deyarli 85 foizi texnikalar ko‘magida amalga oshiriladi. Bu o‘z navbatida, yetishtiralayotgan paxta va g‘alla hosili, shuningdek boshqa ekinlarning samarali va serhosilligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qayd etilganidek, Namangan viloyatida joriy yil bahorgi dala ishlarida 1305 ta chopiq traktori va kultivator, 588 ta chigit ekish seyalkasi, uch mingdan ortiq tishli boronalar, 433 ta chizel moslamasi, 421 ta pushta olish moslamasi, 203 ta yer tekislagich, 312 ta OVX purkagich, 237 ta shtangali purkagich, 348 ta mineral o‘g‘it sepgich hamda 246 ta don o‘rish kombayni qatnashishi rejalashtirilgan. Mazkur texnikalarni belgilangan muddatda sifatli ta’mirlash maqsadida dislokatsiyalar ishlab chiqildi. Shunga ko‘ra, 32 ta ta’mirlash maskaniga texnikalar to‘liq ta’mirga tortilib, bu borada zaruriy ishlar bajarildi.  

- Mavsumda qatnashadigan qishloq xo‘jaligi texnika va mashinalarini texnik holatlari mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilib, nosozlarini ta’mirlash uchun talab etiladigan ehtiyot qismlar, pul mablag‘lari aniqlab olindi, - deydi “O‘zagroinspeksiya” Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Boburmirzo Quranov. - Hisob-kitoblarga qaraganda, chopiq traktorlari uchun 1 milliard 461 million so‘m, kultivatorlar uchun 1 milliard 159 million so‘m,  chigit ekish seyalkalari uchun 633 million 800 ming so‘m, tishli boronalar uchun 236 million 900 ming so‘m, yer tekislagichlar uchun 100 million 500 ming so‘m, chizel moslamalari uchun 148 milliard 65 million so‘m, pushta olish moslamalari uchun 150 million 17 ming so‘m, OVX purkagichlar uchun 222 million 300 ming so‘m, mineral o‘g‘it sepgichlar uchun 85 million 900 ming so‘m, jami 4 milliard 196 million so‘m pul mablag‘i talabi aniqlandi. Bu mablag‘lar mulk egalari mablag‘lari hisobidan hal etilib, kerakli ehtiyot qismlar yetkazib berilmoqda.

Barcha tuman “Agroservis MTP” jamiyatlarida ta’mirdan chiqarilib, mavsumga shay holga keltirilgan texnikalarni tuman komissiyalari tomonidan qayta ko‘rib chiqish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etgan holda qabul qilib, sertifikat berish ishlari “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan nazoratga olindi.  

Viloyatda texnikalar bilan ta’minlanganlik darajasi tahlil qilinganda, chopiq traktorlari 107 foizga, kultivatorlar 107 foizga, chigit ekish seyalkalari 126 foizga, don o‘rish kombaynlari 109 foizga ta’minlangan bo‘lsa, haydov traktorlari 99 foizga, yer tekislagichlar 83 foizga, tishli boronalar 59 foizga, chizellar 71 foizga ta’minlangan.

Mashina traktor parkini yangilash va xizmat muddatini o‘tagan, ish unumdorligi past texnikalar o‘rniga yangi yuqori unumli texnikalar bilan ta’minlash maqsadida, 2022 yil mobaynida 214 milliard 402 million so‘mlik 440 ta qishloq xo‘jaligi texnikasi sotib olingan.

Joriy yilda esa 221 milliard 201 million so‘m mablag‘lar evaziga 524 ta qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish rejalashtirilmoqda.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA