English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish zarur
19:17 / 2022-01-12

Navoiy viloyatida 2022 yil g‘alla hosili uchun 38 ming 039 gektar maydonga kuzgi boshoqli don ekilgan. Mutaxassislar kuzgi boshoqli don ekinlaridan yuqori va sifatli hosil olish birinchi navbatda ekish bilan bog‘liq barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida sifatli o‘tkazilishiga bog‘liq, deb ta’kidlashadi.

Ayni paytda hududlarda mahalliy o‘g‘it jamg‘arish, sharbat handaq qazish, azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish ishlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan nazorat qilinmoqda. Jumladan, 2021 yilda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 190 ta fermer xo‘jalik va klasterlarning 1277 gektar maydonida agrotexnik tadbirlarni sifatsiz bajarish bilan bog‘liq kamchiliklar aniqlangan.

Jumladan, Xatirchida 341 gektar, Qiziltepada 320, Navbahorda 301, Karmanada 246, Konimexda 69 gektar g‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlar bilan bog‘liq xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Ulardan aksariyatini mahalliy o‘g‘it chiqarmaganlik hamda sharbat o‘ra qazilmaganligi holatlari tashkil etadi.

– Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha fermer va klaster rahbarlariga 124 ta ogohlantirish, 66 ta ko‘rsatma berilgan, – deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi katta inspektori Burxon To‘ychiyev. – 4 ta holatda ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqishlik uchun sudlarga yuborilishi ta’minlangan. Xatirchi tumanida joriy yil hosili uchun 236 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 11 ming 228 gektar maydonga bug‘doyning “Asr” hamda “Vassa” navlari ekilgan. Ta’kidlash o‘rinliki, g‘alla agrotexnikasida muhim tadbirlarning kechiktirilishi hosildorlik kamayishiga sabab bo‘ladi.

– Olib borgan nazorat tadbirlarimiz davomida g‘alla parvarishida mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan fermerlar aniqlanib, ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rildi, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Xatirchi tuman bo‘limi katta inspektori Alisher Ashurov. – Jumladan, g‘alla agrotexnik tadbirlarini o‘z vaqtida bajarilishi bo‘yicha fermerlarga ogohlantirish, yozma ko‘rsatmalar berildi. 

Shunga qaramay, bundan tegishli xulosa chiqarmagan fermer xo‘jalik rahbarlariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-moddasiga ko‘ra, ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan materiallar tuman sudiga yuborilishi ta’minlandi. Jumladan, tumandagi 17 gektar g‘alla maydoniga ega “Sarvarbek Sardorbek” fermer xo‘jaligida o‘qariq olinmagan va mahalliy o‘g‘it uchun handaq qazish ishlari ogohlantirishga qaramay ortga surib kelingan. “Nurbuloq” fermer xo‘jaligida ham agrotexnik tadbirlar bajarilishi kechiktirilishiga yo‘l qo‘yilgan. 

Mazkur holatlar bo‘yicha ikkala fermer xo‘jaligi rahbarlariga ham ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Xatirchi tumanida 573 dona sharbat handaq qazilgan bo‘lib, bu rejaga nisbatan 25, 5 foizni tashkil etadi. G‘alla maydonlariga mahalliy o‘g‘it jamg‘arish rejasi esa 56 ming 140 tonna bo‘lib, joriy yilning shu davriga qadar 15 ming 970 tonna o‘g‘it jamg‘arilgan xolos. Inspeksiya viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari tomonidan ushbu yo‘nalishdagi nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Zulfiya Boboyeva,

“O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat

boshqarmasi axborot xizmati rahbari.

O‘zA