Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Agrotexnik tadbirlar aniq reja asosida amalga oshirilmoqda.
17:17 / 2025-09-11

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida piyoz va sabzi mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish, qayta ishlash hamda eksport hajmini oshirishga qaratilgan ishlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Bunga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 14 iyuldagi “Respublikada piyoz va sabzi mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish, chuqur qayta ishlash va ularning eksport hajmlarini oshirish to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan xizmat safarimiz davomida ham  yaqqol amin bo‘ldik.

Joriy yilda  tumandagi 167 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 1220 gektar lalmi yer maydonlariga piyoz ekilib, uning parvarishi mutaxassislar tavsiyalari asosida olib borilmoqda. Asosan Niderlandiyada yaratilgan, hosildorligi yuqori bo‘lgan “Banko” va “Arlando” navli urug‘lar tanlab olingan. Har bir gektarga 12–13 kilogramm miqdorida urug‘lik sepilgan. Parvarishda esa yerning talabiga qarab o‘g‘itlar bilan to‘yintirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, o‘rtacha har gektarga 400–500 kilogramm fosforli, 50–100 kilogramm kaliyli o‘g‘itlar qo‘llanilgan. Bundan tashqari,  yerga 200–300 kilogramm selitra va 150–200 kilogramm karbamid solingan.

– Tumanimizda sabzavot yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarida sug‘orish ishlari to‘liq zamonaviy tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida olib borilmoqda, – deydi Sharof Rashidov tumani hokimining o‘rinbosari Shuhrat Azimov. – Shu bilan birga, ekinlarni kasalliklar va zararkunandalardan himoya qilish maqsadida kimyoviy vositalardan foydalanilmoqda, agrotexnik tadbirlar aniq reja asosida va o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda.

Tumandagi fermer xo‘jaliklaridan biri — “Sardor chorvador bog‘i” misolida ham bu sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Xo‘jalik tomonidan 3 gektar maydonga piyoz ekilib, har qarich yerdan oqilona foydalanilayotgani kuzatildi. Maydon chetlarida poliz, dukkakli, ozuqa ekinlari va mevali ko‘chatlar ham parvarish qilinmoqda. Bu esa dehqonning zamonaviy va pragmatik yondashuvini, yerdan daromad olishning samarali modelidan foydalanayotganini ko‘rsatadi.

Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, hozirga qadar tumanning usta dehqonlari har gektardan 100–130 tonnagacha piyoz hosili olishga muvaffaq bo‘lishgan. Mahsulot sifatli, bozorda talab yuqori. Bu esa tumandagi agrotexnik ishlarning to‘g‘ri tashkil etilganidan dalolatdir.

– O‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, Sharof Rashidov tumanida parvarishlanayotgan piyoz ekinlari holati juda yaxshi, – deydi Jizzax viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisining o‘rinbosari Dilmurod Noraliyev. – Aynan shu yerda tuproq tarkibi va iqlim sharoiti sabzi uchun  ham juda mos. Menga yoqqan yana bir jihat — tumanda zamonaviy “BMB-NRC Agrologistics” agrologistika markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan va fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilayotgan sabzavot mahsulotlarining asosiy qismi eksport qilinayotganidir.

Ana shu ishlarning barchasi — yetishtirishdan tortib, qayta ishlash, saqlash va eksportgacha bo‘lgan uzluksiz zanjir barpo etilayotganini anglatadi. Bu nafaqat fermerning daromadi, balki mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi hamda eksport salohiyati uchun ham  xizmat qilmoqda.  

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri