Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Agrotarmoqni raqamlashtirish borasidagi tajribalar o‘rganilmoqda
12:17 / 2023-04-06

So‘nggi yillarda O‘zbekiston-Ozarbayjon o‘rtasida amaliy hamkorlik munosabatlari rivojlantirilib, davlatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshib bormoqda. Turli sohalardagi hamkorlik aloqalari o‘z natijasini berayotir.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyati va agrar soha mutaxassislaridan iborat delegatsiya ayni kunlarda Ozarbayjon Respublikasida bo‘lib turibdi. Bundan maqsad Ozarbayjonning agrar sohadagi tajribalarini o‘rganish, xususan, raqamli transformatsiya jarayonlarini qishloq xo‘jaligida qo‘llash borasidagi amaliyotlarini o‘rganishdan iborat.  

Ozarbayjon so‘nggi yillarda raqamli transformatsiya jarayonlarini qishloq xo‘jaligi tarmog‘iga muvaffaqiyat bilan joriy qilmoqda. Masalan, agrotarmoqni raqamlashtirish borasida o‘z tajribasiga ega. Bu borada O‘zbekistonda ham qator ijobiy natijalarga erishilmoqda. Jumladan, vazirlik tizimida agrar sohani raqamlashtirish borasida qator tashabbuslar amaliyotga joriy etib kelinayapti.    

Ozarbayjonda agroplatforma yaratilib, bu EKTIS tizimida namoyon bo‘lmoqda. Tizim 6 ta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi. Har bir yo‘nalish vazirlik majmuaviy soha tarmoqlarini qamrab oladi. Bu yerda xizmat ko‘rsatishdan tortib, innovatsion yechimga ega yangi navlarni ekishga qadar bo‘lgan barcha jarayon, nav sinashdan to yirik shoxli qoramollarni sun’iy urug‘lantirishga qadar bo‘lgan qator masalalar ijobiy yechimga ega. Bu Turkiya Respublikasida qator yillar davomida o‘zini oqlagan nomdosh tizimning amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etilgani bilan bog‘liq. 

Ma’lumki, Turkiya qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish hamda raqamlashtirish borasida yetakchi davlatlardan biri sanaladi. Shuning uchun uning tajribasidan Ozarbayjonda samarali foydalanilmoqda. Masalan, birgina agrosubsidiya tizimini olib ko‘rilsa, bu yerda u hosil ekishgagina emas, balki texnik ekinlarning ba’zilari uchun hosil hisobini moliyalashtirish yo‘nalishiga sarflanadi.    

Bu amaliyot O‘zbekiston uchun yangilik. Chunki O‘zbekistonda subsidiya bu kabi yo‘nalishlarga ajratilmaydi. Ammo bu borada ishlar jadal ketayapti.    

Bundan tashqari, Ozarbayjonda har bir fermer agroplatformadan foydalanishi uchun elektron hisob yuritish tizimiga ulangan. Ularning har biri haqida aniq ma’lumot, faoliyati, ekin turi va hosili bo‘yicha ham aniq hisob mavjud. Bu fermerning o‘ziga xos elektron pasportidir. Mana shu elektron hisobot orqali fermer subsidiyalash tizimidan foydalanish imkoniyatiga ega.    

Uchrashuvlarda qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari A.Haydarov bu borada O‘zbekiston tajribasi haqida ham atroflicha tushuncha berib o‘tdi. O‘zaro muloqotlarda ikki mamlakatning agrar sohadagi tajribalari bilan o‘rtoqlashildi.    

O‘zbekiston delegatsiyasining Ozarbayjondagi o‘rganishlari davom etmoqda.    

Muhtarama Komilova, O‘zA