French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda agrosanoat va savdo anjumani o‘tkazildi
15:38 / 2016-12-13

Poytaxtimizda «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasi, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda Koreya Respublikasining Savdo va investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash agentligi hamkorligida agrosanoat va savdo anjumani o‘tkazildi.

Poytaxtimizda «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasi, 
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining  eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi
 hamda Koreya Respublikasining Savdo va investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash agentligi hamkorligida agrosanoat va savdo anjumani o‘tkazildi.

Unda Koreya Respublikasining «KAFCO», «Korea Energy Technology Co.Ltd», «FNG International», «Myung Seong» kabi 10 dan ortiq kompaniyasi va «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasi tarkibidagi korxonalar, tadbirkorlar ishtirok etdi.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida ulkan salohiyatga ega. Keyingi yillarda ekin maydonlari tarkibiy o‘zgartirilib, meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish ko‘payayotgani natijasida bu salohiyat yanada oshmoqda. Sifatli va sarxil meva-sabzavotlarimiz ko‘plab mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

Masalan, «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasi tarkibida meva-sabzavot mahsulotlari xarid qilish va saqlashga ixtisoslashgan 48 korxona faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning 1-oktabrigacha uyushma tomonidan Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya, Qirg‘iziston va Xitoy kabi davlatlarga qariyb 30 million dollar miqdorida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilingan.

Joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi doirasida yana ko‘plab kelishuvlarga erishildi. Bugungi kunda uyushma tomonidan meva-sabzavotlar va asalni qayta ishlash, kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish, muzlatilgan qovun va jem mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda.

– O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlar tabiiyligi, mazasi va sifati bilan butun dunyoda qadrlanadi, – dedi Koreya Respublikasining Savdo va investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash agentligi direktori An Song Jun. – Shu bois mamlakatingiz bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Bugungi anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad shu sohada faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, o‘zaro talab va takliflarimizni o‘rganishdir.

Tadbirda «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasi raisi o‘rinbosari N.Ahmadjonov, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining  eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijrochi direktori o‘rinbosari K.Nurmatov va boshqalar mamlakatimizda meva-sabzavot yetishtirish, uni eksport qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, o‘z tashkilotlarining salohiyati haqida ma’ruza qildi. Janubiy Koreyaning agrosanoat uchun texnologiya va uskunalar ishlab chiqaruvchi korxonalari mamlakatimiz biznes subyektlari bilan hamkorlik imkoniyatlarini muhokama etdi.

Anjuman so‘ngida tadbirkorlarning B2B shaklidagi muloqotlari tashkil etilib, qator istiqbolli kelishuvlarga erishildi.