Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida o‘tgan 2025-yil davomida agrosanoat, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida qonunchilik ijrosini ta’minlash maqsadida 996 ta nazorat tadbiri amalga oshirildi. Natijada 10 ta material sud organlariga yuborildi, 60 ta taqdimnoma kiritildi, 821 ta yozma ko‘rsatma berildi, 93 ta ma’muriy ish bo‘yicha qaror qabul qilindi hamda 852 ta ogohlantirish xati rasmiylashtirildi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Sirdaryo viloyat boshqarmasi Guliston tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Ta’kidlanishicha, inspeksiya faoliyati Prezidentning tegishli farmon va qarorlari asosida amalga oshirilmoqda.
Hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 13 ta murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, barchasi qanoatlantirildi. Nazorat tadbirlarining 114 tasi tekshiruv, 882 tasi monitoring shaklida o‘tkazildi.

Qishloq xo‘jaligi texnikalari holatini nazorat qilish yo‘nalishida 298 ta tadbir amalga oshirildi. Natijada 225 ta yozma ko‘rsatma, 4 ta taqdimnoma, 60 ta ma’muriy qaror va 279 ta ogohlantirish xati berildi. Davlat xizmatlari doirasida 96 ta davlat raqam belgisi, 538 ta texnik pasport, 127 ta texnik guvohnoma va 78 ta traktorchi-mashinist guvohnomasi rasmiylashtirildi. Shuningdek, 80 ta texnika ro‘yxatdan o‘tkazildi, 60 tasi ro‘yxatdan chiqarildi, 30 tasi hisobdan chiqarildi hamda 877 ta texnika majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.
Agrotexnik tadbirlar ustidan nazorat doirasida 366 ta tadbir o‘tkazilib, 355 ta yozma ko‘rsatma, 10 ta taqdimnoma va 427 ta ogohlantirish xati berildi. Bir holat bo‘yicha material sudga yuborildi. Urug‘chilik sohasida 60 ta fermer xo‘jaligining 1 515 gektar maydonida aprobatsiya tadbirlari amalga oshirilib, 13 ta fermer xo‘jaligining 295 gektar maydonidagi urug‘lik maydonlari yaroqsiz deb topildi. Ushbu yo‘nalishda 241 ta yozma ko‘rsatma va 49 ta ogohlantirish xati berildi.
Qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish yuzasidan 80 ta holatda tekshiruv va monitoring o‘tkazilib, 33 holat bo‘yicha qaror qabul qilindi, 3 ta material sudga yuborildi hamda 44 ta taqdimnoma kiritildi.
Shuningdek, tuman bo‘limi tomonidan 147 nafar fuqaro va tadbirkor qabul qilinib, huquqiy tushuntirishlar va amaliy yordam ko‘rsatildi. 28 ta yuridik shaxsga ko‘maklashish natijasida 4 ta xo‘jalik 1,15 tonna yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, 7 ta xo‘jalik 18,3 tonna mineral o‘g‘it bilan ta’minlandi, 2 ta xo‘jalikka 17 million so‘m kredit ajratilishiga ko‘maklashildi. Bundan tashqari, 18 ta xo‘jalikka 514,3 gektar maydonda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun texnikalar bilan ta’minlashda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, amalga oshirilgan ishlar agrosanoat majmuasida qonuniylikni mustahkamlash, fermer va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish hamda qishloq xo‘jaligida barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Kelgusida ham ushbu yo‘nalishda tizimli va manzilli ishlar izchil davom ettirilishi ma’lum qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri