Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Agrosanoat: O‘zbekiston – Turkiya hamkorligi yangi bosqichda
15:53 / 2026-01-30

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik yanada faollashmoqda. Ayni kunlarda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Turkiyada xizmat safarida bo‘lib, yetakchi kompaniyalar va nufuzli tashkilotlar vakillari bilan qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralar jarayonida O‘zbekistonda 2026-2027 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi investitsiya loyihalari muhokama qilindi. Asosiy e’tibor qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish, eng yuqori sifatli urug‘chilikni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy ko‘chatchilik tizimlarini joriy etish hamda innovatsion issiqxona majmualarini tashkil etishga qaratildi.

Xususan, Hektaş Ticaret T.A.Ş. kompaniyasi bilan Toshkent viloyatida o‘simliklarni himoya qilish vositalari va organomineral o‘g‘itlar ishlab chiqaradigan zavod barpo etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, “Varnet Camsera CO LTD”  bilan Buxoro viloyatida agroturizm yo‘nalishida zamonaviy botanika bog‘i tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari Andijon viloyatida “Koch Erol Almus” kompaniyasi bilan gazlanmagan ichimlik suvi ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlar imzolandi.

Shuningdek, “Doganlar” kompaniyasi qishloq xo‘jaligi texnikalarini mahalliylashtirilgan holda ishlab chiqarish taklifini bildirdi. “Arıcı Tarım Turizm ve İnşaat Malzeme” tomonidan zamonaviy ko‘chatchilik markazlarini rivojlantirish bo‘yicha tashabbus ilgari surildi. “Armada Brend Seed LLC” esa elita urug‘chilik sohasida O‘zbekistonda istiqbolli loyihalarni joriy etish bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.  

Qayd etilishicha, xorijiy kompaniyalar vakillarining joriy yil fevral-mart oylarida O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu safarlar loyihalarni amaliy bosqichga o‘tkazishga xizmat qiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA