Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Agrosanoat istiqboli zamonaviy texnologiyalarda
17:57 / 2019-01-28

Namanganda “Meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash, logistika va eksportni tashkil qilish” mavzusida oʻquv-seminar boʻlib oʻtdi.


Namanganda “Meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash, logistika va eksportni tashkil qilish” mavzusida oʻquv-seminar boʻlib oʻtdi.

Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi tomonidan Osiyo Taraqqiyot banki ishtirokidagi “Meva-sabzavotchilik tarmogʻida qoʻshilgan qiymat yaratish zanjirini rivojlantirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda soha mutaxassislari, fermerlar, meva-sabzavotni qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

– Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bugun iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, jumladan, qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda ham sohaga chet el investitsiyasi, ilgʻor texnologiyalarni olib kirgan holda logistika va eksportni yoʻlga qoʻyish kerak, – deydi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi xodimi A.Gʻulommahmudov. – Mazkur seminar ham bogʻdorchilik, meva-sabzavotchilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklarini rivojlantirishga koʻmaklashish, xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Seminarga xalqaro miqyosdagi ishlab chiqaruvchilar, jumladan, Janubiy Koreyadan nufuzli ekspertlar taklif etilgan. Ular bilan urugʻli va danakli pakana va yarim pakana mevali daraxtlarni parvarishlash, murakkab meliorativ hududlarda yangi bogʻlar barpo qilish, meva-sabzavotlarni saqlash va qayta ishlash texnologiyalari, mahsulotlar eksportining asosiy va layoqatli bozorlari va ularga kirib borish omillari boʻyicha tajriba almashiladi.

photo5366561104232295052.jpg

Dastlab seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati N.Xalilovaning qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksportini tashkil etishning huquqiy asoslari mavzusidagi maʼruzasi tinglandi.

Shuningdek, viloyatda meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlashning yangi imkoniyatlari, sabzavot va poliz mahsulotlarini saqlashning zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalari, meva yetishtirishga innovatsion texnologiyalarni joriy qilishning samarali usullari, Namangan viloyati sharoitida urugʻli va danakli pakana va yarim pakana mevali daraxtlarni parvarishlash agrotexnikasi, meva va uzumni qayta ishlash va saqlash texnologiyasi, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti va logistikasini tashkil qilish kabi dolzarb mavzulardagi maʼruzalar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

2018 yilda viloyatda agrosanoat va oziq-ovqat sanoati yoʻnalishida umumiy qiymati 28,9 million dollarlik 40 ta loyiha amalga oshirildi. Ularni roʻyobga chiqarishga tashabbuskorlarning oʻz mablagʻi hisobidan 12,9 million dollar va Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi tomonidan 15,9 million dollar imtiyozli kredit yoʻnaltirildi. Bu viloyatda umumiy sigʻimi 30 ming tonna boʻlgan muzlatgich omborxonalar, 600 gektar maydonda intensiv bogʻ, 7 gektar maydonda zamonaviy issiqxonalar barpo etish, ishlab chiqarish quvvati 13 tonnalik qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish, naslli qoramol va parrandachilik xoʻjaliklarini tashkil etish imkonini berdi.

Seminarda bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirish boʻyicha muhim omillar va dolzarb vazifalar haqida fikr almashildi.