Qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan texnikalarni sifatli saqlash nafaqat o‘rim-yig‘im mavsumining so‘nggi bosqichi, balki yangi mavsumning boshlanishiga qo‘yilgan ilk qadamdir. 2025 yilgi g‘alla va paxta yig‘im-terimida Namangan viloyati bo‘yicha foydalanilgan 240 ta g‘alla o‘rim kombayni va 170 ta paxta terish mashinalarining saqlovi muhim ahamiyatga ega.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Namangan viloyati boshqarmasi hamda Namangan viloyati hokimligi hamkorligida Namangan tumanida o‘tkazilgan seminarning asosiy mazusi ham joriy paxta va g‘alla yig‘im-terimi mavsumida foydalanilgan yuqori unumli texnikalarni belgilangan texnik reglamentlar asosida saqlovga olishga qaratildi.


Tegishli mas’ul tashkilotlar, qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi korxona vakillari hamda kombayn va paxta terish mashinalari operatorlari ishtirokidagi mazkur anjumanda so‘zga chiqqanlar paxta terish mashinalari va don o‘rish kombaynlarini saqlov qoidalari asosida to‘g‘ri saqlash, ularning texnik sozligini ta’minlash va keyingi mavsumga sifatli tayyorlab qo‘yish masalalariga alohida to‘xtaldi.


Tadbir qatnashchilariga Namangan texnika universitetining professor-o‘qituvchilari tomonidan saqlov qoidalari bo‘yicha tushunchalar berildi. Qolaversa, seminarda texnikalarni saqlovga olish jarayonida nazorat tizimini kuchaytirish, joylarda bu borada amaliy yordamni oshirish va mutaxassislar malakasini yanada oshirish zarurligi alohida qayd etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.