Toshkentda 25-27 fevral kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan AGRO PRO EXPO 2025 agrosanoat ko‘rgazmasiga tayyorgarlik bo‘yicha matbuot anjumani uyushtirildi.
Tadbirda agrosanoat tarmog‘i yetakchi vakillari, jumladan AGRO PRO EXPO ko‘rgazmasi tashkilotchisi va SOF EXPO SAMARKAND ko‘rgazmalar majmuasi rahbari Ahmad Tojiboyev, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) texnik bo‘lim maslahatchisi Hofiz Mo‘minov, O‘zbekiston Oziq-ovqat uyushmasi raisi Bahodir Umirshayxov, ko‘rgazma ishtirokchisi, “John Deere” kompaniyasi savdo bo‘yicha direktori Ivan Jolik va boshqalar ishtirok etdi.
– SOF EXPO SAMARKAND ko‘rgazmalar majmuasida bo‘lib o‘tadigan xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi texnika va texnologiyalar ishlab chiqarish, urug‘chilik, agar sohadagi startap va innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchilar uchun muhim platforma, – dedi Samarqand viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahtchisi Nozir Ibragimov. – Bu yilgi anjumanga yirik ishlab chiqaruvchilar bilan birga kichik fermer xo‘jaliklari vakillari ham taklif etilgan. Namoyish mavsum boshiga to‘g‘ri kelgani ayni muddao. Odatda fevral fermerlar uchun ekin-tekin ishlari boshlanadigan oy. Qolaversa, “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida ko‘chat ekish jarayoni ikkinchi bosqichga kirgan. Mahallalar eng yaxshi ko‘chatlarni izlamoqda. Shu nuqtai nazardan AGRO PRO EXPO mamlakatimiz agrar sohasini rivojalntirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi shubhasiz.
[gallery-21679]
Matbuot anjumanida OAV vakillari ko‘rgazmada kutilayotgan innovatsiyalar, xalqaro kompaniyalar ishtiroki, qishloq xo‘jaligining iqlim o‘zgarishiga chidamligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar kabi muhim mavzular yuzasidan zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
– Mazkur anjuman agrar sohada tajriba va innovatsiya almashishda muhim ahamiyatga ega, – deydi H.Mo‘minov. – BMT tuzilmasi – FAO ozuqa ta’minotini yaxshilash, atrof-muhitni asrash, aholining turmush darajasini yuksaltirishga ko‘maklashadi. Demak, agrosanoatdagi yangi yutuqlar biz uchun qiziq. Shuningdek, ko‘rgazma doirasida mutaxassislarni qishloq xo‘jaligi tizimini barqaror o‘zgartirish konsepsiyasi bilan tanishtirish niyatidamiz. Taqdimot davomida sohaning iqlim o‘zgarishiga chidamligini oshiradigan texnologiyalarni joriy qilish masalasini muhokama qilamiz. Maqsadimiz – qishloq xo‘jaligini samarali boshqarishning asosiy sharti hisoblangan kam xarajat bilan yuqori natijaga erishishni ta’minlash. Bilim va tajriba almashish uchun barcha soha xodimlarini ushbu ko‘rgazmaga taklif etamiz. Zero, faqat birgalikdagi say’-harakat bilangina barqaror, xavfsiz agrar muhitni yarata olamiz.
AGRO PRO EXPO ko‘rgazmasi qishloq xo‘jaligi sohasidagi zamonaviy texnika va uskuna, dehqonchilik va atrof-muhit uchun barqaror ishlanma, agrar sektorga sarmoya kiritish imkoniyatini namoyish etish uchun qulay maydonga aylanishi tayin.
Aziza Alimova,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA