Yaqinda Germaniyaning Gannover shahrida “AGRITECHNICA-2023” xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda 200 dan ziyod ishtirokchilar qatnashdi.
Ahamiyatlisi, ushbu ko‘rgazma doirasida yetakchi xalqaro qishloq xo‘jaligi muhandisligi va innovatsiyalari bo‘yicha taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda bitta oltin va 17 ta kumush medal g‘oliblari e’lon qilindi. Innovatsiyalarni mujassamlashtirgan va zamonaviy talablarga to‘liq javob beruvchi “New Holland Combi DSC 8670” g‘alla o‘rish kombayni ko‘rgazmaning oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
Taqdirlash marosimida ushbu kombaynning texnik xususiyatlari hamda qishloq xo‘jaligiga qanday innovatsion yechimlar taklif etganiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Axborot-tahliliy multimedia markazining ma’lum qilishicha, kombaynlarning texnik jihatdan mumkin bo‘lgan xirmon sig‘imini yanada oshirish ularning hajmi, og‘irligi va geometriyasi bilan tobora cheklanib bormoqda. Bu, ayniqsa, eng samarali dizayn chorasi sifatida xirmon kanalini kengaytirishga taalluqlidir.
–Chunki u to‘g‘ridan-to‘g‘ri mashinaning kengligiga ta’sir qiladi. Bundan tashqari, yuqori qo‘zg‘alish kuchi va mos keladigan qo‘zg‘alish texnologiyasi, shuningdek, xirmon va ajratish asboblari aks yuklarining qonuniy talab qilinadigan o‘q yuklaridan oshib ketishiga olib keladi.“New Holland Combi DSC 8670” kombayni korpusining har ikki tomonida korpus va shassi o‘rtasida haydovchilar uchun joy yo‘q. Bo‘sh joy xirmon kanalini kengaytirish va kombaynning nominal texnik quvvatini oshirish uchun ishlatiladi. Ta’kidlanganidek, patentli tozalash tizimi ham 13 foizga kengaytirildi va bunkerga don oqimi optimallashtirilgan, bosim sensori asosidagi boshqaruv tizimi dinamik bosimni o‘lchaydi va shu tariqa don massasini oldingi va orqa yuqori elakka alohida taqsimlaydi. Somonni maydalash va tarqatish texnologiyasi kameraga asoslangan boshqaruv tizimiga ega bo‘lib, u kombaynning energiya samaradorligini oshiradi va vaznni optimallashtiruvchi dizayn tufayli mashinaning og‘irligini deyarli doimiy ushlab turadi. Bu kabi innovatsion texnologiyalar qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishga, isrofgarchilikni kamaytirishga va resurs tejamkorligiga hissa qo‘shadi, –dedi O.Abdullayev.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur xalqaro ko‘rgazmada o‘zbekistonlik soha mutaxassislari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi. Ko‘rgazma davomida qishloq xo‘jaligi agrotexnikasining xalqaro tajribasini o‘rganish va innovatsion texnikalarni O‘zbekiston hududida joriy etish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA