English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Agrippina Shin: «Bolajonlarga ta’lim-tarbiya berayotganda dunyoni rang-barang qilib ko‘rsatish kerak»
13:10 / 2021-01-25

Buxoro viloyatida 424 ta davlat, 26 ta xususiy, 71 ta davlat xususiy sherikchiligi, 756 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda.

Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin joriy yilning 21-23 yanvar kunlari viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati, ularni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish va amaliy yordam berish maqsadida viloyatga tashrif buyurdi.

Vazir dastlab, shahardagi “Yangi obod” mahalla fuqarolar yig‘ini, G‘ijduvon ko‘chasida qad rostlayotgan zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotining qurilish ishlari bilan tanishdi.  

"LUKOYL O‘zbekiston Opereyting Kompaniya" mas’uliyati cheklangan jamiyati homiylik mablag‘lari asosida qurilayotgan mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti 250 o‘ringa mo‘ljallangan. Mazkur loyiha asosida bolalarni sifatli ta’lim va tarbiya bilan qamrab olish maqsadida bog‘chani 300 o‘ringa kengaytirish rejalashtirilgan. Agrippina Shin qurilish ishlari bilan tanishar ekan, zamonaviy andoza asosida qurilayotgan maskanda quruvchilar bilan suhbatlashdi, aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

Keyingi manzil Qorako‘l tumanidagi Pedagogika kolleji negizida ta’mirlanayotgan matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. Ta’lim tashkiloti “Meridian avtostroy” MCHJ tomonidan 2 milliard so‘m mablag‘ evaziga ta’mirlanmoqda. Tashkilot 6 guruhdan iborat bo‘lib, 180 o‘ringa mo‘ljallangan. Vazir ta’mirlash ishlarini kuzatar ekan, devorlarni yorqin ranglarda bo‘yalmaganligini tanqid qildi.

– Bolajonlarimizga ta’lim-tarbiya berayotgan vaqtda, dunyoni rang-barang qilib namoyon etishimiz kerak, – dedi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin. – Axir, biz kelajak poydevorini qurayotganimizda ularning tafakkurini yoshligidanoq shakllantirishimiz lozim.  

Vazir tomonidan pudratchi va tegishli mutasaddilarga maktabgacha ta’lim tashkilotining har bir xona bezagiga alohida e’tibor qaratishlari, shuningdek, bolalar xavfsizligini inobatga olingan holda jihozlar bilan ta’minlash borasida ko‘rsatma va topshiriqlar berildi. Qorako‘l tumanidagi Pedagogika kolleji va u yerdagi sharoitlar bilan ham tanishildi. Hozirda 301 nafar yoshlar tahsil olayotgan kollej binosining ta’mirlash ishlari hamda devorlarni pardozlash ishlariga zamon talablaridan kelib chiqqan holda yondashish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Kollej axborot-resurs markazida saqlanayotgan 4 ming 508 dan ziyod kitoblardan foydalanishda o‘quvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish kerakligi ta’kidlandi. Shuningdek, alohida ma’naviyat va ma’rifat xonasini tashkil etish bo‘yicha vazifalar yuklandi. Viloyatning chekka va olis hududlari ya’ni Qorako‘l va Olot tumanlarida bolalarni sifatli ta’lim va tarbiya bilan ta’minlash maqsadida yangi zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarining qurilishi bo‘yicha manzilli dastur ya’ni "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish taklifi berildi. Manzilli dastur asosida belgilangan topshiriqlarni mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirish muddati ko‘rsatildi.

Zarif Komilov, O‘zA