Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Agrar universitetida sun’iy intellekt bo‘yicha ta’lim dasturini ochish taklif etildi
11:16 / 2025-10-28

Bugungi kunda sun’iy intellekt texnologiyalari barcha soha va tarmoqlarda keng qo‘llanilmoqda. Ma’lumki, 21 oktyabr kuni Prezidentimiz raisligida davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, bu borada qator vazifalar belgilab berildi.

Darhaqiqat, ushbu texnologiyalar ko‘pgina sohalarda samarali natijalarni qo‘lga kiritishga xizmat qiladi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida ham sun’iy intellektni qo‘llash suv va o‘g‘it sarfini optimallashtirish, hosildorlikni tahlil asosida boshqarish hamda mehnat unumdorligini bir necha barobarga oshirish imkonini beradi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev Malayziyaning “Meraque Group Sdn Bhd” kompaniyasining Bosh ijrochi direktori Mohammad Razali Ismail bilan video-konferensaloqa shaklida muloqot o‘tkazdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, agrar sohada ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shu jumladan, sun’iy intellekt imkoniyatlarini qishloq xo‘jaligiga tatbiq etish yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi. 

Muhokamada Toshkent davlat agrar universitetida sun’iy intellekt yo‘nalishi bo‘yicha yangi ta’lim dasturini ochish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, soha xodimlari va yosh mutaxassislar uchun malaka oshirish hamda amaliy o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida raqamli transformatsiyani jadallashtirish, innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etishda hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi. Kelgusida ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalarini davom ettirish, qo‘shma loyihalar doirasida aniq yo‘nalish va ustuvor vazifalarni belgilab olish bo‘yicha navbatdagi muloqotlarni o‘tkazish rejalashtirildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA