Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida “Qishloq xo‘jaligi sohasi tarmoqlarida ilmiy yondashuvni ta’minlashning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining axborot xizmati ma’lum qildi.
Davra suhbatida so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi. Xususan, fan, ta’lim ishlab chiqarish integratsiyasi borasida bajarilayotgan ishlar, ta’lim dargohida agrar tarmoqda yangiliklarni joriy qilish borasida faoliyat olib borayotgan olimlar izlanishlari hamda sohadagi kamchiliklar yechimiga alohida e’tibor qaratildi.

– Bugungi kunda biron soha rivojini ilm-fansiz tasavvur qilish qiyin, – dedi qo‘mita a’zosi Sherzod Rahimov. – Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida ham fundamental tadqiqotlarsiz, ularning amaliyotdagi sinovi natijalarisiz yutuqlarga erishib bo‘lmaydi. Shu bois, bugungi kunda doktorantlar, tayanch doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar, magistrlar va talabalar tomonidan ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Shu o‘rinda qayd etish lozimki, agrar tarmoqlarini kengaytirishga qaratilgan islohotlar doirasida sohaga investitsiyalarni keng jalb qilish, resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Soha vakillariga qator imtiyoz va yengilliklar taqdim etilmoqda.
Shuningdek, davra suhbatida Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasining ahamiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Bundan tashqari, so‘nggi yillarda sohaga doir qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlar haqida ma’lumotlar berildi.
Suhbatdan so‘ng, deputatlar o‘quv jarayonlari hamda institut qoshidagi Qishloq xo‘jaligida innovatsion ishlanmalar va maslahat markazida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
M.Komilova, O‘zA