Ma’lumki, mamlakatimizdagi mavjud tabiiy iqlim sharoiti qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, xususan, meva-sabzavotchilikni barqaror rivojlantirish imkonini beradi. Shuning uchun bugungi kunda mamlakatimizda bozor munosabatlariga o‘tish jarayonida meva-sabzavotchilikni rivojlantirishga ustuvor yo‘nalish sifatida katta e’tibor qaratilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari va Xitoy Xalq Respublikasining “Wanlin Group” kompaniyasi vakillari o‘rtasida tashkil etilgan uchrashuvda hamkorlikda yo‘lga qo‘yiladigan “O‘zbekiston – Qingdao qishloq xo‘jaligi sanoat, fan va texnologiyalar parki” loyihasining faoliyat yo‘nalishlari, undan kutilayotgan natijalar hamda loyiha doirasida tomonlarning majburiyatlari haqida so‘z bordi.

Qishloq xo‘jaligi sanoat, fan va texnologiyalar parkining faoliyati asosan ikki qismdan iborat bo‘lishi, kelgusida qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, qayta ishlash va sotish, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga texnik xizmat ko‘rsatish va agrar sohani qo‘llab-quvvatlovchi tarmoqlarni rivojlantirish maqsad qilingani qayd etildi.

Shuningdek, yurtimizda yetishtirilgan sabzavot mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan yirik korxona tashkil etish va tayyor mahsulotning 90 foizini Yevropa davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgani ta’kidlandi. O‘z navbatida, Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari mamlakatimizda investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida so‘z yuritib, piyoz, sarimsoqpiyoz, sabzi kabi sabzavot mahsulotlarini qo‘shimcha qiymat zanjiri asosida quritish va qayta ishlash uchun keng imkoniyatlar mavjudligini aytib o‘tdi.
Ular hamkorlikda yo‘lga qo‘yiladigan loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekistonning sabzavot yetishtirishga mos hududlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Uchrashuvda tomonlar dunyo mamlakatlarida qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talablar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar va tayyor mahsulotni eksport qilishda logistik afzalliklar haqida fikr almashdi.
Shuningdek, O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagani sababli transport xarajatlarini qoplashda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yengilliklar ham muhokama qilindi.
Muloqot yakunida tomonlar yangi loyihani boshlash uchun tegishli hujjatlar paketini qisqa muddatlarda tayyorlash bo‘yicha hamkorlikda ishlashga kelishdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA