Davlatimiz rahbarining Buxoroga tashrifi ko‘plab sohalarda yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Xususan, Buxoro iqtisodiyoti 1,5 barobar o‘sib, 53 trillion so‘mdan oshgani, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatishda 115 trillion so‘m investitsiya jalb qilinib, 4,6 mingta korxona ishga tushgani va natijada 90 ming ish o‘rni yaratilgani fikrimiz isbotidir.
So‘ngi yillar ichida eksport hajmi 215 million dollarga yetdi. Qorako‘l, Jondor, Shofirkon va Kogon tumanlarining har birida sanoat hajmi yiliga 1 trillion so‘mdan oshdi. Shu vaqtga qadar faqatgina agrar sohaga ixtisoslashgan Jondor tumanida ham so‘nggi yillarda ulkan islohotlar amalga oshirildi. Tumanning joriy yil 6 oylikda sanoat ishlab chiqarish hajmi 107,2 foizni tashkil qilgani e’tiborga molik.
– Yangi O‘zbekistonni bunyod etilayotganligi va bu jarayonlar jondorliklarni hayotiga ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi, – deydi mehnat faxriysi Ra’no Rahimova. – Mana shu keyingi yetti yil jondorliklar hayotida katta o‘zgarishlar davri bo‘ldi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Davlat rahbarining har safargi tashrifida Buxoro xalqi hayoti farovon bo‘lishi borasida barchaga manzur bo‘ladigan dasturlar belgilanadi. Tashrif chog‘ida Jondor tumani sanoatini rivojlantirishga, tuman aholisining hayotini farovon qilishga qaratilgan vazifalar alohida ta’kidlab o‘tildi.
Sanoat rivoji, avvalo, aholining turmush farovonligida o‘z ifodasini topmoqda. Darhaqiqat, tumanda oziq-ovqat sanoati ham tumanda drayver yo‘nalishga aylandi. Bugungi kunda aholining go‘sht va go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish va narxlar barqarorligini saqlash maqsadida tovuq go‘shti yetishtirish salmog‘i yil sayin ortib bormoqda.
“Arjumanbonu chorvasi” fermer xo‘jaligi Jondor tumani hududidagi 2 gektar yer maydonida tashkil etilgan tovuqxona, qushxona va ozuqa omborlaridan iborat bo‘lib, asosan ahliga sifatli tovuq go‘shti yetkazib berish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Korxona yiliga 48 ming tonna tovuq go‘shti yetishtirish quvvatiga ega bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 25 milliard so‘mni tashkil etadi.
– Fermer xo‘jaligimiz 2017 yilda tashkil topgan, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Gulmurod Umarov. – Dastlab 4 nafar ishchi o‘rni yaratdik. 2019 yili o‘zimizning parrandachilik fabrikamizni barpo etdik. Davlat rahbarining tadbirkorlarga yaratib bergan imkoniyatlari, g‘amxo‘rliklari natijasida 150 dan ziyod ishchi o‘rni yaratildi. Shu bilan birga yuzta xonadonda kooperatsiya usulida broyler jo‘jalarini boqish yo‘lga qo‘yilgan.
Jondor tumanida 2024 yilda Investitsiya dasturiga asosan umumiy qiymati 681,2 milliard so‘m bo‘lgan 53 ta loyihalarni amalga oshirish natijasida 1277 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Varaxsho cho‘l hududida 10 ming gektar yer maydonida Xitoy davlati investorlari ishtirokida tashkil etilgan qo‘shma korxona tomonidan “Paxta xomashyosini yetishtirib, paxtani qayta ishlash korxonasini tashkil etish” loyihasini amalga oshirish orqali 200 nafar yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Bularning barchasi tumanni sanoatlashgan maqomga ega bo‘lishi uchun yanada kengroq imkoniyatlarni taqdim qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.