Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari kuchayib borayotgan sharoitda ijtimoiy-iqtisodiy hamda agrar sohada O‘zbekiston bilan hamkorlikning strategik ahamiyatini kengroq anglab, intilayotgan davlatlar ko‘p. Jumladan, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida agrar sohadagi hamkorlikning bugungi holati, mavjud imkoniyatlar hamda kelgusidagi istiqbolli yo‘nalishlar o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Yaponiyaning Nagoya universiteti Biofanlar va biotexnologiya markazi direktori o‘rinbosari Ashikari Motoyuki bilan uchrashdi.
Ashikari Motoyuki mamlakatimizda yetishtirilayotgan mahsulotlarning betakror mazasi va yuqori sifatini alohida e’tirof etib, bu jihatlar xalqaro bozorda raqobatbardoshlikni oshirishini ta’kidladi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Uchrashuvda Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekistonda agrobiotexnologiya va ilmiy-tadqiqot ishlariga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘zlab berdi. Xususan, genomika va bioinformatika markazida olib borilayotgan izlanishlar, yangi navlar yaratish va ularni turli iqlim sharoitlariga moslashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.
Tomonlar, ayniqsa, sho‘rlangan tuproqlar va suv tanqisligi sharoitida yetishtirishga mos, chidamli sholi navlarini seleksiya qilish hamda ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli tashabbuslarni muhokama qildilar.
Mazkur uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi agrar hamkorlikni yanada mustahkamlab, yangi ilmiy va amaliy loyihalarga zamin yaratishi kutilmoqda.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA