French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Agrar sohada O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi kengaymoqda
17:05 / 2025-12-18

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida qishloq xo‘jaligining ustuvor yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash istiqbollari yanada kengaymoqda.

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoy Xalq Respublikasining yirik investitsiya kompaniyalaridan biri — «Henan Bio-Industry Investment Group» boshqaruvi raisi Chin Tyansang boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.  

Mazkur kompaniya hamkorlikda Jizzax viloyatining Zomin tumanida Xitoy–O‘zbekiston biologik ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi texnologiyalari sanoat parkini barpo etishni rejalashtirgan. Loyiha «ekish – shakar ishlab chiqarish – yem-xashak – chorvachilik – organik qayta ishlash» tamoyiliga asoslangan yashil aylanma zanjirni shakllantirishni nazarda tutadi.

Sanoat parki to‘liq quvvat bilan ishga tushirilgach, yiliga 360 ming tonna makkajo‘xori qayta ishlanib, 250 ming tonna fruktoza-glyukoza siropi hamda 50 ming tonna alluloza ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, loyiha doirasida mingdan ortiq doimiy ish o‘rni yaratiladi.

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi ichki bozorda shakarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish bilan bir qatorda, Markaziy Osiyo va Rossiya bozorlariga shakar eksportini yo‘lga qo‘yish imkonini ham yaratadi. Bu esa mamlakat qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va eksport salohiyatini oshirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.

Uchrashuvda innovatsion texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.

Tomonlar loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirish, kelishilgan rejalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish muhimligini ta’kidladilar. Shuningdek, investitsiya loyihalarini jadallashtirish, texnik-iqtisodiy asoslarni takomillashtirish hamda ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

A.RUSTAMOV, O‘zA