Prezidentimizning “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan O‘zbekiston ishchi guruhining Italiyaga xizmat safari amalga oshirildi.
Xizmat safari davomida BMT Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi (IFAD) mintaqaviy direktori N. Telahiguye bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda o‘zbekistonlik davlat xizmatchilarining IFAD tizimida stajirovka o‘tashi va ishga qabul qilinishi bo‘yicha bitim imzolandi. Shu bilan birga, Surxondaryo viloyatida “Afg‘on shamoli”ga qarshi 66 kilometrlik “yashil belbog‘” barpo etish loyihasi uchun grant, Buxoro va Namangan viloyatlarida quyosh panellari asosida ishlaydigan suvni tejovchi sug‘orish tizimlarini joriy etish uchun imtiyozli mablag‘ jalb etiladi.
Bundan tashqari, Sirdaryo, Surxondaryo, Namangan va Buxoro viloyatlarida “raqamli qishloqlar” pilot loyihasini amalga oshirish hamda IFAD bilan doimiy ishchi guruh tuzishga kelishildi.
IFADning Toshkentdagi Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi bilan qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida xalqaro standartlarni joriy etish maqsadida loyiha ofisi tashkil etiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, IFAD tomonidan “Agrobiznes yechimlari” loyihasini 2026 yildan amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, safar doirasida Italiya qishloq xo‘jaligi bosh konfederatsiyasi (Confagricoltura) prezidenti va a’zolari bo‘lgan kompaniyalar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi ma’lumotida.

Confagricoltura prezidenti M.Jiansanti hamda uyushmaga a’zo 15 ta kompaniya vakillari bilan uchrashuvda Namangan viloyati, Buxoro viloyati va Surxondaryo viloyatining investitsiya salohiyati taqdim etildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Italiya navlari asosida organik usulda pomidor yetishtirish va quritish loyihasini amalga oshirish rejalashtirildi. Xususan, Namangan viloyatiga “Bonifica Ferrarizzi” kompaniyasi investitsiya kiritishga tayyorligini bildirdi.
2026 yil mart oyida Confagricolturaga a’zo 20 dan ortiq Italiya agrar kompaniyalarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, ular ishtirokida istiqbolli investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga kelishildi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA