Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini o‘rganish, innovatsion loyihalar ijrosi hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish jarayonlari bilan bevosita tanishish maqsadida Buxoro viloyatida bo‘ldi.
Vazir G‘ijduvon tumanida joylashgan “Buxoro agroklaster” MCHJga qarashli 8 sotix maydonda barpo etilgan zamonaviy issiqxona majmuasini ko‘zdan kechirdi. U yerda qishloq xo‘jaligida yuqori samaradorlikka ega innovatsion texnologiyalarni joriy etish, seleksiya ishlarini ilmiy asosda tashkil qilish hamda yuqori hosildor navlarni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan atroflicha tanishildi.
Shuningdek, jamiyat tarkibida faoliyat yuritayotgan suv tejovchi texnologiyalar ishlab chiqarish va servis xizmatlari ko‘rsatish korxonasi faoliyati ham vazir tomonidan o‘rganildi. Mazkur korxona yillik quvvati jihatidan 10 ming gektar maydonni qamrab oladigan tomchilatib sug‘orish, suvni tejashga qaratilgan zamonaviy tizimlar bilan ta’minlash imkoniyatiga ega. Ishlab chiqarish jarayonlarida qo‘llanilayotgan xom ashyo asosan Rossiya Federatsiyasidan import qilinadi.
Ayni paytda korxonada 23 nafar malakali mutaxassis va ishchi-xodimlar faoliyat yuritib, nafaqat mahsulot ishlab chiqarish, balki fermer xo‘jaliklariga mavsumiy servis xizmatlari ko‘rsatish, tizimlarni o‘rnatish, texnik xizmat ko‘rsatish va samarali ekspluatatsiya qilish ishlarini ham amalga oshirmoqda. Bu esa suv resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va hosildorlikni oshirishda muhim omil hisoblanadi.
Vazir korxona faoliyatini chuqur tahlil qilar ekan, viloyat fermer xo‘jaliklarini suv tejovchi texnologiyalar bilan yanada keng qamrab olish, xizmatlar sifatini oshirish, mahalliylashtirish darajasini bosqichma-bosqich kengaytirish, shuningdek, innovatsion ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha qator muhim tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.
Tashrif davomida MCHJga qarashli urug‘lik chigit tayyorlash korxonasi faoliyati bilan ham tanishildi. U yerda urug‘lik chigitni tayyorlash texnologiyalari, sifat nazorati tizimi, saralash jarayonlari hamda saqlash infratuzilmasi o‘rganildi. Bu yo‘nalishda yuqori sifatli urug‘lik bazasini shakllantirish kelgusi hosildorlikning asosiy kafolati ekani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, agroklasterning mashina-traktor parki ko‘zdan kechirilib, mavsumga tayyorgarlik darajasi, texnikalarning ishchi holati, ta’mirlash va xizmat ko‘rsatish ishlari tahlil qilindi. Xususan, Shinjon agrotexnologiyasi asosida ishlovchi zamonaviy chigit ekuvchi seyalkalar, plyonka yig‘uvchi maxsus texnikalar hamda yuqori samarador agregatlar namoyish etildi.
Mazkur issiqxonada xorijiy va mahalliy seleksiya asosida yaratilgan istiqbolli paxta navlari tajriba-sinov tariqasida ekilib, ularning hosildorligi, iqlim sharoitiga moslashuvchanligi, kasalliklarga chidamliligi hamda agrotexnik samaradorligi ilmiy asosda tahlil qilinmoqda. Bu esa ilmiy yondashuvsiz zamonaviy paxtachilikni rivojlantirish mumkin emasligini yana bir bor tasdiqlaydi.
[gallery-27737]
Vazir innovatsion seleksiya ishlari hosildorlikni oshirish, resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish, eksport salohiyatini kuchaytirish hamda raqobatbardosh mahsulot yetishtirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga tezkor tatbiq etish, ilg‘or tajribalarni keng joriy qilish zarurligi alohida qayd etildi.
Klaster rahbariyati tomonidan kelgusida tajriba maydonlarini 28 sotixgacha kengaytirish, yangi paxta navlarini ko‘paytirish, ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion agrotexnologiyalarni yanada keng joriy etish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
Xulosa qilib aytganda, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi paxtachilik sohasida barqaror o‘sishning muhim asosiy omillaridan biriga aylanmoqda. G‘ijduvondagi ushbu issiqxona esa innovatsion agrotexnologiyalarni sinovdan o‘tkazish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va zamonaviy qishloq xo‘jaligi modelini shakllantirish borasidagi muhim tajriba maydoni sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari