Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Agrar sohada innovatsion texnologiyalar haftaligi” bo‘lib o‘tmoqda
09:58 / 2022-06-07

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan respublika iqtisodiyoti va hududlarning intellektual va texnologik salohiyatini oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmalarni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida 2021-2022 yillarda sohada umumiy qiymati 9597,7 million so‘m bo‘lgan 12 ta loyiha moliyalashtirilgan.

Jumladan, qishloq xo‘jaligi korxonalariga xizmat qiluvchi“Tuproq klinikasi” mobil innovatsion laboratoriyalari tashkil etildi va sug‘oriladigan tuproqlarda mavjud foydali va zararli moddalar darajasini baholash ishlari tashkil etildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston  Respublikasi, Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida tuproqning sog‘lomlik darajasini baholovchi tuproq-ekologik xaritalari ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida bo‘lib o‘tayotgan “Agrar sohada innovatsion texnologiyalar haftaligi”da Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi va boshqa tegishli tashkilotlar  innovatsion mahsulotlari hamda drayver loyihalari bilan ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, 2021-2022 yillarda chorvachilikni rivojlantirish sohasida genetika usullarini qo‘llash orqali chorva zotlarining genofondini ko‘paytirish va go‘sht mahsuldorligini oshirish, ozuqa-yem bazasini kengaytirish bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni joriy etish ishlari olib borilmoqda. Chorvachilik sohasida 2021-2022 yillarda umumiy qiymati 18 688,8 mln. so‘m bo‘lgan 42 ta loyiha moliyalashtirilgan.

Xususan,  jaydari «merinos» zotli qo‘y va «angor» zotli echkilarning sermahsul genotiplarini yaratish, go‘shtdor va jundor qo‘ylarning genofondini saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha: Dog‘iston Respublikasidan 377 mln. 500 ming so‘mga 50 bosh naslli qo‘chqor va 120 bosh naslli urg‘ochi qo‘ylar keltirildi. 18 mln. 600 ming so‘mga laboratoriya uskunalari xarid qilindi, 40 mln. so‘mga yem-xashaklar xarid qilindi; mayin jun beruvchi “merinos” zotli qo‘chqorlardan foydalanib, jaydari qo‘ylarni chatishtirish hamda sun’iy urug‘lantirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.Turli tuproq-iqlim sharoitlarida kasalliklar va zararkunandalarga chidamli ozuqabop lavlagining “O‘zbekiston-83” navi birlamchi urug‘chiligi va urug‘lik ko‘chatzori tashkil etildi.

2021-2022 yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida qayta ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan qishloq xo‘jaligi texnikasining innovatsion konstruksiyalarini hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishning yangi texnologiyalarini yaratish ishlari olib borilmoqda.

Tadbirda mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, tuproq unumdorligini oshirish sohasida tuproq resurslari holatini kompleks monitoring qilish tizimi hamda resurs tejamkor sug‘orish va o‘g‘itlantirish agrotexnologiyalarini yaratish, bunda hududlarda mobil laboratoriyalar tarmog‘ini tashkil etib, tuproqdagi mavjud foydali va zararli moddalarni aniqlash asosida qishloq xo‘jaligi ekinlarining agrokimyoviy xaritalarni ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda.

Namangan viloyati Chust tumanida kovul (kavar) dorivor o‘simligini yetishtirish, qayta ishlash texnologiyasini yaratish ishlari olib borilmoqda. Xorazm, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida steviya o‘simligi yetishtirilib, uni qayta ishlash orqali “Sweetlife 1” va “Sweetlife 2” nomli tabiiy shirinlatgichlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Tadbirda olimlar va mutaxassislar tomonidan sohadagi drayver loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Ta’kidlash lozimki, «Agrar sohada innovatsion texnologiyalar» haftaligi doirasida bug‘doy kabi faqat uch marta sug‘orish bilan yetishtiriladigan sholi, o‘z tanasidan katta hajmda jun beradigan «Merinos» zotli qo‘y hamda bug‘doy va boshqa ekinlarning yangi navlari, baliq, quyon, chorva mollari va parrandalar uchun to‘yimli ozuqalar, biologik faol qo‘shimchalar, asalari uchun innovatsion texnologiyalar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, haftalik tadbirlari joriy yilning 6-10 iyun kunlariga qadar davom etadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA