Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish va agrar hududlarning barqaror rivojlanishini ta’minlash yuzasidan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligida agrar soha mutaxassislari ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligidagi ustuvor yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, Shinjon usulida paxta yetishtirishga tayyorgarlik ishlari, pillachilikni rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, ariq va zovurlarni betonlashtirish, qishloq xo‘jaligi texnikalari holati va kartoshka ekish ishlari bo‘yicha aniq rejalar muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, 2026-yilda 646 ta fermer xo‘jaligida 2273 gektar maydonda kartoshka ekish rejalashtirilgan. Shuningdek, ichki suv tarmoqlarini takomillashtirish maqsadida 175 kilometr ariqlar betonlanadi va 205 kilometr ariqlar tozalanadi. Bularning barchasi suvdan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan choralardir.
Yig‘ilishda har bir yo‘nalish bo‘yicha amaliy natijalar tahlil qilindi va mas’ul shaxslarga aniq vazifalar yuklatildi. Mavsumni tashkil etishda uyushqoqlik, har gektardan maksimal unumli foydalanish hamda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarishda shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri