Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Agrar soha: yuksalishning zalvorli odimlari
17:55 / 2016-01-22

Prezidentimiz Islom Karimovning 1991-yil 29-noyabrdagi “Respublikada dehqon (fermer) xo‘jaliklarini yanada mustahkamlash va tadbirkorlik faoliyatini davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda fermerlik harakatini boshlab berdi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 1991-yil 29-noyabrdagi “Respublikada dehqon (fermer) xo‘jaliklarini yanada mustahkamlash va tadbirkorlik faoliyatini davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda fermerlik harakatini boshlab berdi.

Odatda yangilikni hayotga tatbiq etish oson bo‘lmaydi. Fermerlik harakati boshlangan dastlabki yillarda unga shubha bilan qaraganlar, bu ishni osongina pul topish manbai deb, adashganlar ham bo‘ldi. Aslida bu xalqning rizqu ro‘zi, nasibasi, ta’bir joiz bo‘lsa, taqdiri bilan bog‘liq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish, yerga egalik qilish, undan oqilona foydalanib, el dasturxoni uchun mahsulot yetishtirish deganidir.

Xalqimizda “Birniki – mingga, mingniki – tumanga” degan hikmat bor. Fermer tadbirkor bo‘lsa, boyisa, undan el-yurtga katta manfaat kelishini vaqt ko‘rsatdi. Fermerlarga berilgan imtiyozlar tufayli agrar tarmoq eski tuzumdan qolgan asoratlardan xalos bo‘ldi. Har qarich ekin maydonining, bog‘-rog‘ning egasi ma’lum, taqdiri uchun javob beradigan shaxs aniq. Bugun dehqon buyruq kutib o‘tirmaydi. Nimani, qachon ekishni va qanday parvarish qilishni o‘zi yaxshi biladi va shunga qarab ish ko‘radi.

Fermerlarning yerdan oqilona foydalanishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmining o‘sishiga ijobiy ta’sir o‘tkazmoqda. Yetishtirilgan hosilni, xususan, meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini o‘z vaqtida yig‘ishtirib olib, el dasturxoniga yetkazish, aholining sifatli oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qondirish va qayta ishlash choralari ko‘rilmoqda.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, agrar tarmoqda chuqur tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilgani bois murakkab ob-havo sharoitiga qaramasdan, fermer va dehqonlarimizning fidokorona mehnati va omilkorligi tufayli o‘tgan yili 7 million 500 ming tonnadan ziyod g‘alla, 3 million 350 ming tonnadan ortiq paxta xirmoni barpo etildi.

Qo‘lga kiritilayotgan bunday yutuqlar zamirida qishloq xo‘jaligidagi tarkibiy o‘zgarishlar, fermerlik harakatining o‘zini oqlab, yerning o‘z egasini topgani mujassam. Fermerlarimiz paxta, g‘alla qatorida boshqa ekinlardan ham mo‘l hosil olmoqda. Xususan, 2015-yilda 12 million 592 ming tonna sabzavot va kartoshka, 1 million 850 ming tonna poliz mahsulotlari, 1 million 556 ming tonna uzum, 2 million 731 ming tonna meva yetishtirildi.

Yuqoridagi raqamlarning ifodasi fayzli bozorlarimizda, xalqimiz dasturxonining to‘kinligida ko‘rinib turibdi. Bu xorijliklar tomonidan ham e’tirof etilmoqda. «Putra» universitetining muhandislik fakulteti dekani, professor Azmiy bin Dato Yahyo (Malayziya) o‘z fikrlarini bunday ifodalaydi: “O‘zbekistondagi tinchlik-osoyishtalik, bozorlardagi to‘kin-sochinlikka havasim keldi. Hozir ko‘plab davlatlarda oziq-ovqat taqchilligi yuz bermoqda. Narx-navoni kuzatib, o‘zimizniki bilan taqqoslab ko‘rdik. Narxlar juda arzon. Bunday arzonchilik, mo‘l-ko‘lchilikka shukr qilish, uning qadriga yetish zarur”.

Erishilayotgan yutuqlarning xalqaro miqyosda tan olinishi, nufuzli tashkilotlarning bergan bahosi xalqimizga yuksak faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Zero, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi oqibatida ko‘plab mintaqalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi kamayib, narxlar oshayotganiga qaramasdan yurtimizda bu borada ijobiy natijalarga erishilayotgani, 2015-yilda mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishgani uchun BMT tomonidan mukofotlangan 14 davlatdan biri bo‘lgani quvonarlidir.

Erning tilini biladigan, bir nazar tashlaganda uning holatini aytib beradigan mirishkor dehqonlarimiz bugungi kunda yuzlab, minglab topiladi. Yuqori iqtisodiy samaradorlik uchun burchli ekanligini yaxshi anglagan fermerlarimiz o‘z vazifalariga alohida mas’uliyat bilan yondashmoqda.

Yangiyo‘l tumanidagi Niyozboshi qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Anvar Rashidov nafaqat Toshkent viloyatida balki mamlakatimizdagi taniqli fermerlardan. U har yili g‘alla, meva-sabzavot va rezavor o‘simliklardan mo‘l hosil yetishtirmoqda.

– Dalaning issiq-sovug‘ini ko‘rgan haqiqiy dehqon zimmasidagi mas’uliyatning muhimligini yurakdan his etadi, – deydi «Sitoraxon» fermer xo‘jaligi rahbari Anvar Rashidov. – Qancha daromad olish o‘zingizga, mehnatingizga bog‘liq. Fermer bo‘lib jamiyatning kerakli bir a’zosi ekanimizni his qildik, obro‘-e’tibor qozondik. Texnikamiz badastir, yerimiz unumdorligi yuqori, ro‘zg‘orimiz but, ko‘nglimiz xotirjam.

Xo‘jalikda ish samaradorligini oshirishga mo‘ljallangan yigirmadan ortiq texnika mavjud. Yetishtirilayotgan rezavor va ko‘katlar Angliya, Belgiya, Rossiyaga eksport qilinmoqda. Qo‘shimcha tarmoqlar ham rivojlanmoqda. 60 sotixli issiqxonada yetishtirilgan ko‘chatlardan mo‘may foyda kelayotir. Hozir biogaz qurilmasini o‘rnatish ishlari boshlab yuborildi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2008-yil 20-oktabrdagi “Oziq-ovqat ekinlari ekiladigan maydonlarni optimallashtirish va ularni yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni meva va poliz mahsulotlari yetishtirish istiqbollari uchun yanada keng yo‘l ochib berdi.

Ta’kidlash joizki, istiqlol yillarida ekin maydonlarining tarkibi o‘tgan asrning 90-yillariga nisbatan butunlay o‘zgardi. Agar o‘sha paytlarda asosiy maydonlarga g‘o‘za ekilgan bo‘lsa, hozir paxta maydonlari qisqartirilib, g‘alla, sabzavot, poliz ekinlari yetishtirilmoqda.

Xalqimiz ehtiyojidan ortiq qishloq xo‘jalik mahsulotlari ko‘plab davlatlarga eksport qilinmoqda. Bu O‘zbekiston nafaqat o‘zining, balki dunyo davlatlarining ham oziq-ovqat ta’minotini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotganidan dalolatdir.

Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturda bu borada uzoq istiqbolga mo‘ljallangan qator muhim vazifalar belgilab berildi. Xususan, Prezidentimiz 2020-yilgacha paxta xomashyosini yetishtirish va uni davlat tomonidan xarid qilish hajmini 350 ming tonnaga qisqartirish masalasini ilgari surdi. Natijada paxtadan bo‘shagan 170 ming 500 gektar sug‘oriladigan ekin maydonlarida sabzavot, kartoshka, ozuqa ekinlari, yog‘-moy olinadigan va boshqa o‘simliklar ekiladi, bog‘ va uzumzorlar barpo etiladi.

– Mulohaza qilib ko‘radigan bo‘lsak, bunday e’tiborning naqadar muhim ekanligini chuqurroq anglaymiz, – deydi O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining Agrotexnologiyalar masalalari bo‘yicha majmuasi rahbari o‘rinbosari Ozod Matyoqubov. – Aholi soni keskin o‘sib, dunyoda oziq-ovqatga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Shunga mos ravishda tabiiy resurslar, ya’ni yer-suvni ko‘paytirishning iloji yo‘q. Bunda ichki resurslardan foydalanish mumkin, xolos. Shu bois so‘nggi yillarda paxta maydonlari qisqartirilmoqda.

Ekin maydonlarining optimallashtirilishi va zamonaviy agrotexnologiyalarning joriy etilishi natijasida 2020-yilda boshoqli don yetishtirish hajmini 8 million 500 ming tonnaga, kartoshka yetishtirishni 35 foizga, sabzavotni 30 foizga, meva va uzumni 21,5 foizga, go‘sht yetishtirishni 26,2 foizga, sutni 47,3 foizga, tuxumni 74,5 foizga ko‘paytirish, baliq yetishtirishni 2,5-martaga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Istiqloldan avval dehqonlarimiz bunday boylik, imkoniyat va g‘amxo‘rlik haqida tasavvur ham qila olmasdi. Ilgari ular umr bo‘yi dalada mehnat qilib, amallab ro‘zg‘or tebratgan bo‘lsa, bugungi fermerlar yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufayli topgan daromadi, yengil mashinasi-yu, texnikasi, serhosil yerlari bilan g‘ururlanadi.

...1991-yilda mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmida xususiy sektorning ulushi atigi bir foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2015-yilda 56,7 foizga yetdi. Bunday yuksak natijalarga osonlik bilan erishilgani yo‘q, albatta. O‘zbekiston izchillik bilan yuksalib borayotgani quvonchlidir. Bu Prezidentimiz rahnamoligida uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasidir.