Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Agrar soha vakillari uchun manfaatli ko‘rgazma
10:32 / 2026-03-04

Samarqand viloyatining Jomboy tumanida joylashgan “SOF EXPO” xalqaro ko‘rgazmalar majmuasi hududida “AGRO PRO EXPO-2026” xalqaro agro-sanoat ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.

Qishloq xo‘jaligida mavsumga puxta hozirlik mo‘l-hosilni ta’minlaydli. Shu bois bobodehqonlarimiz har yili mavsum avvalida agrotexnikalarni sozlab, urug‘ va ko‘chatlarning eng sarasini topib, ularga ishlov berish uchun mineral o‘g‘it, bio hamda kimyoviy preparatlar zaxirasini yaratishga alohida e’tibor qaratadi. “AGRO PRO EXPO-2026” xalqaro agro-sanoat ko‘rgazmasi buning uchun eng yaxshi yechim hisoblanadi. Bu yerda bobodehqon uchun zarur bo‘lgan barcha turdagi mahsulotlar jamlangan. Ko‘rgazmada mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan birga 30 dan ortiq xorijiy ishtirokchilar o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.

– Kompaniyamiz O‘zbekistonda 2017-yildan boshlab faoliyat yuritmoqda, – deydi Turkiyaning “Agrobest grup” kompaniyasining O‘zbekistondagi rahbari Fotih Bosh. – Asosiy faoliyatimiz qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan mineral o‘g‘itlar, kimyoviy preparatlar savdosini amalga oshirishga qaratilgan. Dehqon, fermer va klaster xo‘jaliklariga mineral o‘g‘itlar, biostimulyatorlar, kimyoviy preparatlarni yetkazib beramiz. Bunda faqatgina sotuv emas, balki hamkorlikda ishlayotgan dehqonlar, fermer xo‘jaliklari va klasterlarning bevosita yer maydonlarida bo‘lib, ekin turlarini, yer holatini o‘rgangan holda ularga tegishli ko‘rsatmalarni berib, zarur preparatlar va o‘g‘itlarni tavsiya qilamiz. Buning uchun Turkiyadan to‘rt nafar qishloq xo‘jaligi bo‘yicha malakali mutaxassisimiz O‘zbekistonga kelgan. Hozirgi kunda O‘zbekistonda hasharotlarga qarshi kurashish, o‘simliklarni oziqlantiruvchi preparatlarga talab yuqori. Mazkur ko‘rgazmada ham o‘z mahsulotlarimizni namoyish etib, soha vakillariga tavsiyalarimizni beryapmiz.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi savdo missiyasi mas’uli Kseniya Shutova va boshqalar so‘zga chiqib, bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishdagi dolzarb muammolarga to‘xtaldi. Ko‘rgazma ishtirokchilari tomonidan taklif etilayotgan ishlanmalar, zamonaviy texnikalar, uskunalar, urug‘ va ko‘chatlarning barcha-barchasi soha rivoji, muammolar yechimi ekanligi ta’kidlandi.  

Tadbir doirasida an’anaviy AGRO PRO EXPO xalqaro ko‘rgazmasida doimiy ravishda ishtirok etib, agrosanoat sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh ishtirokchilar tashkilotchilarning tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Taqdirlanganlar orasida “UVT Global” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham bor.

– Korxonamiz 2020-yilda tashkil etilgan bo‘lib, veterinariya xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanamiz, – deydi “UVT Global” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Muhammadamin Ziyoyev. – Sir emas, chorvachilik sohasida veterinariya xizmatiga talab katta. Har yili mavsumiy kasalliklar chorvadorlarimizni qiynab qo‘yadi. Shunday vaziyatda xorijda ishlab chiqarilgan eng samarali vositalar bilan ularga xizmat ko‘rsatib kelmoqdamiz. Shuningdek, chorvachilik xo‘jaliklari uchun zarur bo‘lgan sog‘ish uskunalari, sut va suv filtrlari va boshqa asbob-uskunalar yetkazib beramiz. AGRO PRO EXPO xalqaro ko‘rgazmasida ikkinchi bor qatnashmoqdamiz. Dastlabki ishtirokimizda ko‘plab hamkorlar bilan ish boshlagandik. Bu yilgi ko‘rgazmada ham yirik chorvachilik xo‘jaliklari hamkorlikda ishlashga qiziqish bildirmoqda.

[gallery-27946]

Ko‘rgazmada asosiy e’tibor zamonaviy agrotexnologiyalar va innovatsion yechimlar, qishloq xo‘jaligi texnikasi va avtomatlashtirilgan tizimlar, zamonaviy sug‘orish uskunalari, urug‘lik, agroximikatlar va laboratoriya uskunalari, mahsulotlarni saqlash va logistika yechimlari, chorvachilik va parrandachilik yo‘nalishlariga qaratilgan.  

Sohada faoliyat yuritayotgan dehqon, fermer xo‘jaliklari va klasterlar mas’ullari ko‘rgazmada ishtirok etib, bugungi kun talabiga mos zamonaviy agrotexnologiyalar, qishloq xo‘jaligi texnikasi va avtomatlashtirilgan tizimlar, zamonaviy sug‘orish uskunalari bilan tanishmoqda.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),

O‘zA muxbirlari