Sharh

Mamlakatimizda agrar sohada olib borilayotgan islohot va o‘zgarishlar sohani rivojlantirish barobarida aholini sifatli va xavfsiz hamda uzluksiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Shu yil 21 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Agrar sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ko‘paytirish, agrar sohada davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida bir qator maqsad-vazifalar belgilab berildi.
Mazkur farmonning ahamiyati, unda ko‘zda tutilgan vazifalarning mazmun-mohiyatini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi Muqaddasxon Ahmedova batafsil sharhlab berdi:
— Mamlakatimizda o‘tgan yillarda agrar sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq bozor kon’yunkturasi, oziq-ovqat xavfsizligiga doir global xatarlar, tabiiy-iqtisodiy omillar davlat qo‘llab-quvvatlashining samaradorligini yanada oshirishni taqozo etmoqda.
Shu ma’noda davlatimiz rahbarining “Agrar sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ushbu yo‘nalishdagi amaliy ishlarning mantiqiy davomi bo‘lish bilan birga, agrar siyosatda mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Mazkur hujjat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmini ko‘paytirish, agrar sohada davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, respublika aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash hamda sohaning iqtisodiy samaradorligini oshirishga xizmat qilishi bilan g‘oyatda ahamiyatlidir.
Yana bir muhim jihati, farmon davlat qo‘llab-quvvatlashining institutsional va moliyaviy modelini tubdan yangilash, raqamli boshqaruvni joriy etish hamda samarasiz mexanizmlarni bekor qilish orqali sohani strategik rivojlantirishni ko‘zda tutadi.
Ta’kidlash joizki, hujjat mohiyati va ahamiyatiga ko‘ra, mamlakat agrar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan uchta ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi.
Birinchisi, sohani qo‘llab-quvvatlash tizimini raqamlashtirish bilan bog‘liq. Sir emas, agrar sohada hujjat aylanmasi ko‘pligi, ko‘p bosqichli muvofiqlashtirish va inson omillari ko‘plab muammolarni keltirib chiqarar edi. Farmonga ko‘ra, barcha jarayonlarni raqamlashtirish orqali mehnat hamda vaqt sarfi ikki barobarga kamayadi. Moliyaviy resurslar taqsimotida manzillilik va shaffoflik ta’minlanadi. Korrupsiya xatarlari keskin qisqaradi.
Ikkinchisi, qo‘llab-quvvatlash turlarini optimallashtirishga qaratilgan bo‘lib, bugunga kelib subsidiya va grant turlarining haddan ziyod ko‘pligi ularni boshqarishni qiyinlashtirayotgandi. Hujjatda belgilangan vazifalar mana shu qo‘llab-quvvatlash choralarini yagona standartga solish, qolaversa, samarasiz turlarni bekor qilish hamda 2028 yilgacha ularning sonini 50 foizga qisqartirishni vazifa qilib qo‘ydi. Bu o‘zgarishlar byudjet mablag‘larini maqsadli yo‘naltirish hamda ularning mahsuldorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega, albatta.
Navbatdagi muhim yo‘nalish esa ishlab chiqarish hajmini oshirishni nazarda tutadi. Bunda 2030 yilga borib qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 20 foizga oshirilishi kutilmoqda. Bu nafaqat ichki talabni qondirish, balki eksportda raqobatbardoshlikni kuchaytirish imkonini beradi.
Soha taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiladigan yana bir muhim yangilik shundaki, bu yangi institut — Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Agrar sohada to‘lovlar agentligining tashkil etilishi. Bu tuzilma agrar sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi. Ya’ni, bu yo‘nalishda markazlashgan boshqaruv sari qadam qo‘yildi. Eng qizig‘i, Agentlikning vazifalari ilmiy yondashuv bilan shakllantirilgan. Xususan, davlat qo‘llab-quvvatlash choralarini yagona markaz orqali amalga oshirish, samaradorlik ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish va ularni doimiy tahlil qilish, qo‘llab-quvvatlashning yangi turlarini ishlab chiqish hamda amaldagi samarasizlarini bekor qilish, shuningdek, ariza berishdan to to‘lovga qadar bo‘lgan jarayonlarni 100 foiz raqamlashtirishni o‘z ichiga oladi. Bu model davlat qo‘llab-quvvatlashini tartibga solishda zamonaviy boshqaruv texnologiyalariga o‘tish demakdir.
Bu hali hammasi emas. Farmon bilan joriy yil yakuniga qadar “Agrosubsidiya” platformasi bir qator muhim davlat organlari — soliq, bojxona idoralari, “O‘zbekkosmos” hamda Kadastr agentliklari, tijorat banklari o‘rtasida axborot tizimlari integratsiya qilinadi. Mazkur integratsiya tadbirkorlar uchun ortiqcha hujjat talablarini bekor qiladi, qaror qabul qilishni to‘liq raqamli ma’lumotlar asosida amalga oshirishga imkon beradi. Qolaversa, dala tekshiruvlarini xavflarga asoslangan intellektual modellarga o‘tkazadi. Natijada qo‘llab-quvvatlash jarayonlari shaffof, tezkor va adolatli bo‘ladi.
Ma’lumki, nazorat, jamoatchilik bilan ishlash va ochiqlik demokratiyaning amaliy ifodasi hisoblanadi. Hujjat ana shu tamoyillarni harakatga keltiradigan, agrar siyosatning kelajakka qaratilgan dasturi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Deputat sifatida ta’kidlashni istardimki, mazkur farmon nafaqat agrar sohani, balki iqtisodiyotimizning barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan ulkan transformatsiyaning muhim drayveri hisoblanadi. Uning amalga oshirilishi natijasida qishloq xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv tizimi shakllanadi, subsidiya va qo‘llab-quvvatlashning samaradorligi oshadi. Shu bilan birga, innovatsion agrar siyosatga asos solinib, oziq-ovqat xavfsizligi yanada mustahkamlanadi. O‘z navbatida, tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi.
Biz, xalq vakillari farmonda belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlanishida parlament nazoratini olib borish va har bir topshiriq bajarilishida tegishli vazirlik va idoralarga, fuqarolarga yaqin ko‘makdosh bo‘lishimiz zarur. Zero, hujjat sohadagi muammolarni bartaraf etish bilan birga, yangi, raqobatbardosh, raqamli va samarali agrar tizimni barpo etish yo‘lidagi qat’iy qadamdir.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA