Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Agrar siyosatda aniq natija va maqsadlar uyg‘unligi barqaror rivojlanishga xizmat qiladi
13:25 / 2025-12-13

Munosabat

Bugungi kunda jahon iqtisodiyotida globallashuv jarayonlari, turli inqirozlar, tabiiy ofatlar hamda geosiyosiy ziddiyatlar avj olmoqda. Shunday paytda mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga bo‘lgan ehtiyoji tobora ortib bormoqda. 

Bunday murakkab va tez o‘zgaruvchan sharoitda oziq-ovqat xavfsizligi har bir davlat uchun strategik ahamiyat kasb etib, milliy iqtisodiyot barqarorligi va aholi farovonligining asosiy omili sifatida namoyon bo‘lmoqda.

O‘zbekiston uchun ham ushbu masala ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizda agrar sohani rivojlantirish, uni zamonaviy talablarga moslashtirish hamda mustahkam institutsional asoslar bilan ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, agrar sektorni diversifikatsiyalash, yuqori samarali agrotexnologiyalarni joriy etish, agrologistika tizimini rivojlantirish, ichki bozorda narx-navo barqarorligini ta’minlash hamda aholining oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirishga qaratilgan maqsadli dasturlar izchil amalga tatbiq etilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvi mamlakat agrar siyosatining yangi bosqichini belgilab bergani bilan alohida ahamiyatga ega. Uchrashuvda bildirilgan fikrlar, qayd etilgan natijalar va belgilab berilgan ustuvor vazifalar agrar islohotlarning kelgusi yo‘nalishlarini yanada aniqlashtirib berdi.

Prezident ta’kidlaganidek, bugun 3,5 milliondan ziyod inson mehnat qilayotgan qishloq xo‘jaligida salmoqli natijalarga erishildi. Xususan, 4 million tonnadan ortiq paxta, 8,4 million tonna g‘alla, 1,34 million tonna sholi, shuningdek, o‘nlab million tonna sabzavot-poliz, meva va dukkakli ekinlar yetishtirildi. Bu natijalar mehnatkash dehqon va fermerlarimizning samarali mehnati mahsulidir.

Quvonarlisi, meva-sabzavot eksporti ilk bor 37 foizga o‘sib, 3 milliard dollardan oshdi. 180 dan ortiq turdagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarimiz 83 ta davlat bozorlariga kirib borgani O‘zbekiston brendining jahon bozoridagi nufuzi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Agrar sohadagi ushbu yutuqlarni barqaror saqlash uchun qonunchilik asoslarini yanada mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi”, 2025 yilda qabul qilingan “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida aniq vazifa va ko‘rsatkichlar belgilab berilgan.

Jumladan, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida qishloq xo‘jaligida hosildorlik va rentabellikni oshirish maqsadida bir gektardan olinadigan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga, eksport hajmini yiliga 10 milliard dollarga yetkazish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash darajasini 25 foizdan yuqoriga chiqarish maqsad qilingan.

Shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida suv tejaydigan texnologiyalar joriy etilgan yerlar maydonini 2 million gektarga, shu jumladan tomchilab sug‘orish texnologiyasini 600 ming gektarga yetkazish, 18,7 ming km yoki 66 foizi tuproq o‘zanli bo‘lgan magistral va xo‘jaliklararo kanallarning beton qoplamali qismini 13,1 ming kmgacha oshirish rejalashtirilgan.

Iqlim o‘zgarishi sharoitida agrar sohaning barqarorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois agrometeorologik prognozlar ishonchlilik darajasini 96 foizga yetkazish maqsad qilib olingan bo‘lib, o‘tgan ikki yil ichida bu yo‘nalishda sezilarli natijalarga erishildi. Joriy yilda ilk bor paxtada o‘rtacha hosildorlik 46 sentnerga, g‘allada esa 85 sentnerga yetkazildi.

Bundan tashqari, uch yillik bog‘dorchilik dasturi, adir yerlarni auksion orqali sotish, eksportchilarga qadoqlash xarajatlarining 50 foizini qoplab berish, muzlatkichli omborlar uchun foiz to‘lovlarini subsidiyalash kabi tashabbuslar intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Ayni paytda agrar sohada 22 ta ilmiy markaz va 260 ta laboratoriya faoliyat yuritmoqda. Prezident tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi esa “ilm – ta’lim – ishlab chiqarish” zanjirini o‘zaro bog‘lovchi muhim platformaga aylanadi. U fundamental va amaliy tadqiqotlar, yangi navlar yaratish hamda innovatsion agrotexnologiyalarni joriy etishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda agrar sohani kompleks rivojlantirish, uni ilmiy yondashuv va zamonaviy innovatsiyalar asosida yangilashga qaratilgan izchil siyosat amalga oshirilmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligiga tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda O‘zbekistonning ushbu sohadagi aniq maqsadli dasturlari milliy manfaatlarni himoya qilishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Qishloq xo‘jaligining barcha bo‘g‘inlarini qamrab olgan islohotlar — hosildorlikni oshirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, fermer va dehqonlar mehnatini rag‘batlantirish, agrologistika va qayta ishlash tarmoqlarini rivojlantirish orqali mamlakatimizning agrar salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Bu jarayonda qonunchilik bazasining mustahkamligi, normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining ta’minlanishi va parlament nazoratining kuchaytirilishi muhim vazifalardan hisoblanadi. Shu ma’noda, parlament vakili sifatida sohadagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning to‘laqonli ijrosini ta’minlash bizning asosiy mas’uliyatimizdir.

Odinaxon OTAXONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a’zosi.

O‘zA