Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Agrar islohotlar – Yangi O‘zbekistonning strategik tayanchi
18:56 / 2025-12-10

14 dekabr – Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni

Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni arafasida O‘zbekistonning agrar sahifalarini varaqlar ekanmiz, biz shunchaki iqtisodiy o‘zgarishlar haqida emas, balki davlatning strategik yondashuvlari va ijtimoiy adolat tamoyillarining zamindagi amaliy ifodasiga guvoh bo‘lamiz. So‘nggi yillardagi islohotlar shiddati  bu shunchaki hosildorlikni oshirish emas, balki agrar munosabatlarning butun tizimini qayta qurish, yerning haqiqiy egasini topish va dehqon manfaatini davlat siyosatining markaziga qo‘yish demakdir.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Ko‘ksaroy qarorgohidagi uchrashuvda bu maqsadlarni aniq belgilab berdi: “Asosiy maqsad – yerning haqiqiy egasini topish, dehqon manfaatini ta’minlash, qishloq xo‘jaligini yuqori daromadli sohaga aylantirishdan iborat”. Bu endilikda qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning oddiy bir tarmog‘i emas, balki aholining farovonligi va mintaqaviy barqarorlikning kaliti ekanini anglatadi. O‘zgarishlarning fundamental negizi – bu yerga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish bo‘ldi. Ilgarigi davlat rejalaridan butunlay voz kechilib, tashabbus va iqtisodiy samaradorlikka asoslangan bozor mexanizmlari joriy etildi.  

Bu islohotlarning eng muhim siyosiy-iqtisodiy tayanchi – qishloq xo‘jaligi klasterlari tizimi. Bu tizim mamlakatni xomashyo yetkazib beruvchi maqomdan xalos etib, uni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqaruvchi sanoat davlatiga aylantirish yo‘lidagi ulkan qadam bo‘ldi. Masalan, paxta-to‘qimachilik klasterlari tufayli O‘zbekiston paxta tolasini eksport qilishdan uni yurtimiz ichkarisida qayta ishlab, kiyim-kechak va tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini jahon bozorlariga – 83 ta xorij davlatiga chiqarmoqda. Erishilgan natijalarning raqamlari bu islohotlarning naqadar samarali bo‘lganini yaqqol ko‘rsatadi. Joriy yilda 3,5 milliondan ziyod qishloq xo‘jaligi xodimi fidokorona mehnati bilan rekord natijalarga erishdi: paxtachilikda ilk bor o‘rtacha hosildorlik 46 sentnerga yetib, 4 million tonnaga yaqin xirmon yaratildi. G‘allakorlarimiz har gektardan 85 sentner hosil olib, 8 million 400 ming tonna xirmon ko‘tardi. Oziq-ovqat eksporti 37 foiz o‘sib, yil yakuni bilan ilk bor 3,2 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Bunday yuksalish, Prezident ta’kidlaganidek, dehqon va fermerlarimiz, klasterlar, umuman, qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi har bir insonning mehnati, jasorati, fidoyiligining beqiyos natijasidir.

Biroq bu taraqqiyot yo‘lida siyosiy irodani talab qiluvchi dolzarb muammolar ham mavjud. Eng asosiy strategik tahdid – suv resurslarining tanqisligi. Davlat rahbarining qat’iy talabi shuki: “Suv – hayot manbai. Biz har bir tomchi suvni qadrlashimiz, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishimiz shart. Aks holda, ertangi kunimiz qiyin bo‘ladi”. Shu sababli, kelgusi yilda suv tejaydigan texnologiyalarni (asosan, tomchilatib sug‘orish tizimini) joriy etishga 2 trillion 600 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi. Bundan tashqari, ekin maydonlaridan o‘tgan 70 ming kilometr uzunlikdagi ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, bu maqsadlar uchun 100 million dollar ajratilishi  yer va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini keskin oshirishga qaratilgan strategik choradir.

Kelgusi davr uchun belgilangan vazifalar  tizimni yanada mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli siyosiy dastur hisoblanadi. Eng avvalo, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasiga alohida urg‘u berilgan. Prezidentning: “Ilm va izlanish bo‘lmagan sohada rivojlanish ham, yuksalish ham, taraqqiyot ham bo‘lmaydi”, degan so‘zlaridan kelib chiqib, Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi tashkil etilmoqda. Ushbu akademiya fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishga mas’ul bo‘ladi. Kadrlar salohiyatini oshirish uchun:

Agrar universitetning 180 nafar talabasi dual ta’lim asosida ilg‘or klasterlarda amaliyot o‘taydi; Fermerlar faoliyatiga yangiliklar olib kirgan yosh agronomlarga 2 ming dollardan oylik to‘lanadi; Mirzacho‘lda innovatsion qishloq xo‘jaligi maktabi tashkil qilinib, ming nafar fermer cho‘l sharoitida paxta yetishtirish bo‘yicha o‘qitiladi.

Fermerlarni qo‘llab-quvvatlash esa siyosiy ishonch va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning asosidir. 2026 yil davomida dehqon va fermerlarni qo‘llab-quvvatlashga 35 trillion so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Paxta va g‘alla yo‘nalishidagi fermerlar reytingi yuritilib, ularning reytingiga qarab, imtiyozli kredit stavkalari paxta uchun 8 foiz, g‘alla uchun 10 foiz qilib belgilanmoqda. Subsidiya ajratish jarayonini keskin soddalashtiruvchi Agrar sohada to‘lovlar agentligi tashkil etilib, kelasi yilda bu orqali 2 trillion 200 milliard so‘mlik subsidiya beriladi, bunda subsidiya olish vaqti 1 oydan 15 kunga qisqaradi.

Bundan tashqari, chorvachilikni rivojlantirish uchun 100 ming bosh qoramol va 200 ming bosh qo‘y-echki olib kelish, import qilingan nasldor qoramol uchun subsidiyalarni yana 5 yilga uzaytirish reja qilingan. Baliqchilikda esa naslchilik markazlari tashkil etilib, nasldor ona baliq olib kelish xarajatining yarmi qoplab beriladi. Yangi bog‘ va tokzorlarni tashkil qilish, eskilarini yangilash bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilinadi, intensiv bog‘ tashkil qilish uchun 7 yilga 14 foizli kredit beriladi. Bu choralarning barchasi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va bozordagi narx-navo barqarorligini ta’minlash maqsadiga xizmat qiladi. Nihoyat, hosilni ixtiyoriy sug‘urtalash paxta, g‘alla va issiqxona mahsulotlaridan boshlanishi, bunda sug‘urta uchun to‘lovning 50 foizi byudjetdan qoplab berilishi sohadagi xavfsizlik va barqarorlikni oshiradi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi o‘zgarishlar nafaqat iqtisodiy islohot, balki mamlakatning yangi siyosiy va ijtimoiy taqdirini belgilab beruvchi asosiy poydevordir. Bugungi kundagi agrar yutuqlarning ortida, avvalo, taqiqlangan rejalar zulmidan xalos bo‘lish va yerga nisbatan haqiqiy egalik tuyg‘usini tiklashdek siyosiy jasorat yotibdi. Dehqon va fermerning manfaati davlatning ustuvor maqsadiga aylanmas ekan, baraka ham, taraqqiyot ham bo‘lmasligi tarixdan olingan eng katta saboqdir.

Fermerlar va klasterlarning fidokorona mehnati, davlatning tizimli yondashuvi va Prezidentning: “Bizning asosiy boyligimiz – yer, suv va mehnatkash xalqimiz. Ushbu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, xalqimiz dasturxonini to‘kin, hayotini farovon qilish – eng muhim vazifamizdir”, degan oliy maqsadga sodiqlik  bugungi va ertangi kunimizning kafolatidir. Endilikda maqsad  faqat o‘zimizni to‘ydirish emas, balki jahon bozorida bizning mahsulotimiz bilan hisoblashishlarini ta’minlashdir.

Qishloq xo‘jaligi xodimlarining zahmatli mehnatiga tasanno aytar ekanmiz, Yangi O‘zbekiston agrokompleksi ochiq bozor munosabatlari, ilm-fan yutuqlari va yangicha boshqaruv tizimlariga asoslanib, mamlakatni global oziq-ovqat zanjirida mustahkam o‘ringa olib chiqishga qodir ekaniga qat’iy ishonamiz. Yer, suv va ilm-fan uyg‘unligiga asoslangan bu tizim  Yangi O‘zbekiston strategik muvaffaqiyatining yorqin ko‘rinishi va kelajakdagi bexavotir hayot garovidir.

Alovaddin G‘afforov, O‘zA