Xabaringiz bor, bugun Namangan shahridagi “Markaziy” stadionida O‘zbekiston Kubogining hal qiluvchi final uchrashuvi o‘tkaziladi. O‘yin soat 15:00da boshlanadi.
Mazkur jamoalar O‘zbekiston Kubogining final o‘yinida ketma-ket uchinchi bor to‘qnash kelmoqda. Bunday voqea avval atigi bir marotaba qayd etilgan - 2007-2009 yillarda "Paxtakor" va "Bunyodkor" jamoalari ketma-ket uch marta hal qiluvchi o‘yinda maydonga tushishgan. Bu galgi voqelik qahramonlari AGMK va “Paxtakor” jamoalarining avvalgi natijalarida tenglik kuzatilgan – 2018 yili Farg‘onaning “Istiqlol” stadionida tashkil etilgan o‘yinda olmaliqliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, 2019 yilgi mavsum finalida “Paxtakor” Cheranning uchta goli evaziga revansh olgandi. Uchrashuv poytaxtdagi “Lokomotiv” stadionida o‘tkazilgan. E’tiborli jihati, mazkur jamoalar shu paytgacha Kubok o‘yinlarining boshqa bosqichlarida o‘zaro ro‘baro‘ kelishmagan, faqat finalda bo‘y ko‘rsatishyapti.
Umuman, O‘zbekiston Kubogi finali tarixiga murojaat etsak unda eng ko‘p ishtirok etish "Paxtakor" “chekiga” tushayotganligiga guvoh bo‘lamiz. Bu galgi final "Paxtakor" uchun 16-siga aylanadi. "Bunyodkor" 9, "Neftchi" 7 va "Nasaf" 6 bor finalda to‘p surgan. Barcha finallarda eng ko‘p ro‘baro‘ kelish "Paxtakor" va "Neftchi"ga tegishli. Bu jamoalar O‘zbekiston Kubogi finallarida jami 5 marta bir-biriga qarshi kurash olib borgan. Paxtakor" - "Bunyodkor" va "Bunyodkor" - "Nasaf" esa uchtadan finallarda to‘p surishgan.
Ketma-ket finallarda ishtirok etish bo‘yicha ham "Paxtakor" rekordini hali beri hech kim takrorlay olmasa kerak. “Sherlar” 2001 yildan 2009 yilgacha 9 marta finalda qatorasiga maydonga tushgan. Bu borada "Bunyodkor" ikkinchi o‘rinda - 2007-10 yillarda qatorasiga 4ta finalda o‘ynagan.
O‘zbekiston Professional futbol ligasi mazkur uchrashuvni yuqori saviyada o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Kubogi Namanganga barvaqt yetkaziladi va mahalliy muxlislarning Kubok bilan suratga tushishlari uchun sharoit yaratiladi. Bundan tashqari, o‘yindan bir kun oldin “Markaziy” stadionda har ikkala jamoa uchun mashg‘ulot o‘tkazish, jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etish kabi jarayonlar rejalashtirilgan.
Oybek YUNUSOV, O‘zA