Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Agentlik so‘rovnomasidan so‘ng korrupsiya bilan bog‘liq 21 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
22:14 / 2021-04-16

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, jamiyatimiz bu illatdan hali qutila olganicha yo‘q.

Korrupsiyaviy holatlar haqida so‘z ketsa, ko‘pchilik Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini tilga olmoqda. Chunki agentlik tashkil etilganidan so‘ng jamoatchilik bu tuzilma natija ko‘rsatishiga umid bog‘lay boshladi.

Xo‘sh, agentlik qanday natijalarga erishmoqda?

Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari bo‘yicha vazirlik, huquqni muhofaza qiluvchi organ, idora va tashkilotlarga 13 taqdimnoma kiritilib, 25 so‘rovnoma va 3 ogohlantiruv xati yuborildi.

Agentlik tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalari bo‘yicha vazirlik va idoralarga 51 taqdimnoma kiritilib, 170 so‘rovnoma va 7 ogohlantiruv jo‘natilgan.

Agentlikning so‘rovnomalari bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan jami 21 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslardan agentlikka 2380 murojaat tushgan. 909 tasi bevosita agentlik xodimlari tomonidan ko‘rib chiqilgan. 1471 tasi taalluqliligi bo‘yicha yuborilgan. 52 tasi anonim deb topilgan. 156 tasi bo‘yicha murojaatda ko‘rsatilgan vajlar ijobiy hal etilgan.

Davlat xaridlari va boshqa sohalarda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari bo‘yicha jami 90,5 milliard so‘mlik 2 ming 808 holatda moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Bu raqamlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining agentlik hisobotini eshitishga bag‘ishlangan yig‘ilishida qayd etildi.

Agentlik direktori Akmal Burhonov 2020-2021 yillardagi faoliyati yuzasidan axborot berar ekan, 7 normativ-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlanganini ta’kidladi.

2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasi loyihasini tayyorlash uchun ishchi guruhlar tashkil etildi. Ular tomonidan xorijiy tajriba, milliy qonunchilik hamda tahlillar asosida strategiyaning dastlabki loyihasi tayyorlandi.

«Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish yuzasidan davlat xaridlari va sog‘liqni saqlash sohalarida «Yo‘l xarita»lari ishlab chiqilgan. Ijrosi doirasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlari amalga oshirilgan. Korrupsiya holatlari bo‘yicha fuqarolarning shikoyati uchun «1203» qisqa raqami joriy etilgan.

Hisob palatasi bilan birgalikda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda korrupsiyaga qarshi «komplayens-nazorat» tizimini joriy etish yuzasidan 26 vazirlik va idorada «yo‘l xarita»lari nazorat qilib borilmoqda.

Qurilish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Moliya, Transport, Xalq ta’limi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari hamda Markaziy bankda ham «komplayens-nazorat» tizimi joriy etilmoqda.

bugungi kunda 5 vazirlik va idorada «komplayens-nazorat» joriy etish yakunlangan va ular «Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi» bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqaro standart sertifikatini qo‘lga kiritgan.

Agentlikning har oylik faoliyati rasmiy veb-saytda berib borilmoqda. 6 marotaba matbuot anjumani o‘tkazildi. Agentlik huzurida «Jurnalist va blogerlar» klubi tashkil etildi.

Agentlik ishlar samarasini oshirish uchun xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Yig‘ilishda jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini yaratish uchun qilinayotgan targ‘ibot tadbirlari, kelgusidagi rejalar bo‘yicha ham ma’lumot berildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA