Aholining muhim ijtimoiy huquqlaridan biri bo‘lgan pensiya ta’minoti bugunning eng dolzarb masalalaridan hisoblanadi.
Xususan, davlatimizning Bosh qomusi bo‘lgan, Konstitutsiyamizning 39-moddasiga binoan har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Xo‘sh, bugun pensiya ta’minoti sohasida qanday o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda?
Pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Nozimjon Jo‘rayev bilan shular haqda suhbatlashdik.
– bugungi kunda 1,7 million nafardan ziyod fuqarolar mamlakatimizdan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda. Aytingchi, migrantlar uchun pensiya olish tartibi qanday rasmiylashtiriladi?
– Qonunchilikka ko‘ra, pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan mehnat muhojirlari uchun qulay imkoniyatlar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Endilikda mehnat muhojiri keksalik chog‘ida pensiya olishni istasa, o‘z xohishi bilan Pensiya jamg‘armasiga har yili badal to‘lab borishi mumkin. Shuni alohida ta’kidlashim lozimki, xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshga doir pensiya olish uchun majburiy emas, balki mutlaqo ixtiyoriy tartibda Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy to‘lovni amalga oshiradi.
Chet elda ishlangan davrlar belgilangan tartibga ko‘ra, mehnat stajiga qo‘shiladi. Masalan, 2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘langan taqdirda va 2019 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun yagona ijtimoiy to‘lov to‘langan taqdirda ularning mehnat stajlariga qo‘shiladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining yollanma (bitim) asosda chet elda ishlaganligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan organlar mehnat daftarchasiga kiritgan qaydnomalarga qarab aniqlanadi. Chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga chet eldagi ishi O‘zbekiston Respublikasida ishlanganiga to‘g‘ri keladigan stajning 1/3 hissasidan oshmagan miqdorda stajga qo‘shiladi.
– Chet elda vaqtincha safarda bo‘lgan pensionerlarning nafaqasi qanday tartibda to‘lab beriladi?
– Bu kabi holatlarda pensiya to‘lash qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnoma bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin. Agar, pensioner xorijiy davlatda bo‘lgan va sog‘lig‘i tufayli O‘zbekiston Respublikasiga kelish imkoniyatiga ega bo‘lmagan holatlarda pensioner O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasiga murojaat qilishi mumkin va xorijiy davlat hududida doimiy yashash holati mavjud emasligini, shuningdek pensiya yoki ijtimoiy nafaqa olmasligini tasdiqlashi kerak bo‘ladi.
– Tayinlangan pensiyani to‘lash qanday hollarda to‘xtatib turiladi?
– Yuqorida aytib o‘tganimizdek, mamlakatimiz aholisi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan tartibda davlat tomonidan pensiya bilan ta’minlanish huquqiga ega. Ammo vaziyat taqozo etsa, ba’zi hollarda pensiyani to‘lash ma’lum muddatga to‘xtatib qo‘yilishi mumkin. Masalan, pensioner ruhiy holati buzilgan shaxslar uchun internat uylarida yashashiga to‘g‘ri kelsa yoki pensioner ozodlikdan mahrum etilganda (manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan shaxslar bundan mustasno) kabi holatlarda ularga pensiya berish to‘xtatiladi. Agar pensioner nafaqani to‘lashni to‘xtatib turish to‘g‘risida tomonidan ariza bersa yoki pensiya to‘lash muddati tamom bo‘lganda ham pensiya to‘lanmaydi.
Shuningdek, surishtiruv, tergov organlaridan va suddan yashirinib yurgan, jinoiy jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlayotgan, qidirishga e’lon berilgan va bedarak yo‘qolgan pensionerlarga ishonchnoma bergan shaxs unga tayinlangan pensiyaga huquqini tasdiqlash uchun belgilangan muddatda kelmaganda pensiya to‘lovi amalga oshirilmaydi.
– Qanday hollarda pensiya miqdori qayta hisoblanmaydi?
– Pensioner pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish uchun asos paydo bo‘lgan taqdirda pensiyaning tayinlangan turi miqdorini qayta hisoblab chiqish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Ammo ish staji va pensiya tayinlangandan keyin ega bo‘lingan (olingan) ish haqi hisobga olingan holda pensiya miqdorini qayta hisoblash amalga oshirilmaydi. Umumiy belgilangan yosh kamaytirilgan holda yoshga doir pensiya tayinlangan shaxsga u umumiy belgilangan yoshga to‘lganligi munosabati bilan pensiya miqdori qayta hisoblab chiqilmaydi.
Ma’lumot o‘rnida shuni ham qayd etish lozimki, 2022 yil 1 apreldan boshlab pensiyalarni hisoblash fuqarolarning “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritilgan mehnat staji, oliy o‘quv yurtlaridagi kunduzgi ta’lim va harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlari asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lashning avtomatlashtirilgan, ya’ni pensiyalarni tayinlash uchun faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi bilan murojaat qilish kifoya bo‘ladigan tizim joriy etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA