Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Agar suvni tejasangiz, 1 million soʻm xarajatingiz 10 millionlik daromadga aylanadi. Qanday qilib?
18:58 / 2020-02-05

Birgina suvdan tejamkorlik bilan foydalanish orqali daromadni oʻrtacha oʻn barobar oshirish mumkin ekan.


Birgina suvdan tejamkorlik bilan foydalanish orqali daromadni oʻrtacha oʻn barobar oshirish mumkin ekan.

Birgina misol. Aytaylik, 30 gektarlik mevazor bogʻni eski usulda sugʻorish, suv boqqa toʻliq yetib borishi uchun oʻrtacha 4 soat, “Pulsar” (zamonaviy suv quvurlari orqali) sugʻorish tizimi joriy etilganda esa 8-10 daqiqa kerak boʻladi. Anʼanaviy usulda bir necha suvchi shu bogʻni bir hafta, yangi usulda bir nafar suvchi uch kunda sugʻoradi. Eski holatda boqqa yetib borguncha suvning 50 foizi isrof boʻlsa, yangi usulda bir misqol suv ham isrof boʻlmaydi. Energiya tejamkorligi va tannarxi ham bir necha barobarga qisqarishi taʼminlanadi.

Eng muhimi va asosiysi, zamonaviy texnologiyalardan foydalanganda fermer xoʻjaligi hosilini bir hafta oldin pishirib, har bir kilogrammini 23-30 ming soʻmdan, suv muammosi tufayli bir hafta kech qolsa, mevaning kilosini 5-6 ming soʻmdan sotadi. Daromad salmogʻi farqini hisob-kitob qilib olish qiyin emas, albatta.

Fargʻona viloyatida oʻtgan yilda 331 gektar paxta maydonida tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilinib, samarali natijalarga erishildi.

Joriy yilda viloyat boʻyicha 5 ming 230 gektar yerda suv tejovchi sugʻorish texnologiyalari joriy qilinishi rejalashtirilgan boʻlib, shundan 4 ming 820 gektarini tomchilatib, 310 gektarini yomgʻirlatib va 100 gektarini pulsar sugʻorish tizimi tashkil etadi.

Fargʻona tumanining Oqbilol qishlogʻi hududidagi tik sugʻorish qudugʻida joriy etilgan yangi sugʻorish texnologiyalari afzalliklariga bagʻishlangan amaliy seminarda shu xususida fikr yuritildi.

“Sirdaryo-Soʻx” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mutaxassislari mazkur hududdagi 31,5 gektar mevali bogʻda pulsar usulida sugʻorish tizimi joriy etilganining foydali jihatlarini aniq misollar yordamida tushuntirib berishdi. Bu usulning ilk samaralari xususida “Fergana Asiana” paxta-toʻqimachilik klasteri mutaxassislari hamda “Gʻanijon mashhurlar bogʻi” va “Bodomzor niholi” bogʻdorchilik fermer xoʻjaligi rahbarlari viloyatning barcha hududlaridan tashrif buyurgan fermerlar, miroblar, irrigatsiya tizimi masʼullariga oʻz tajribalari misolida soʻzlab berishdi. “Sirdaryo – Soʻx” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mutaxassislari tomonidan zamonaviy texnologiyalardan foydalanish borasida mahorat darslari oʻtkazildi.