Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Agar biz dunyoni o‘zgartirmoqchi bo‘lsak, avvalo ta’limning o‘zini o‘zgartirishimiz kerak" – Agrippina Shin
20:18 / 2022-11-14

Mamlakatimiz maktabgacha ta’lim vaziri, Kichik yoshdagi bolalarga ta’lim va tarbiya berish bo‘yicha II Butunjahon konferensiyasi raisi Agrippina Shin poytaxtimizda o‘tkazilayotgan konferensiya ishtirokchilariga konstruktiv muloqot, dadil tashabbuslar, kreativ takliflar va samarali faoliyat tiladi. Shuningdek, u konferensiya ochilishida so‘zlagan nutqida bir qator dolzarb masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

– Koronavirus pandemiyasi ta’lim tizimiga ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatdi, – deydi A.Shin. – Global ta’lim inqirozining oqibatlari tengsizlikni kuchaytirdi va butun dunyo bo‘ylab millionlab bolalarni ta’lim, sog‘liqni saqlash va ovqatlanish kabi hayotiy ehtiyojlardan tortib ijtimoiy himoyagacha mahrum qildi. Avlodlarimiz kelajagi bilan bog‘liq salbiy holatlarning oldini olish uchun ta’limni milliy siyosatning ustuvor yo‘nalishi va umumiy global manfaatga aylantirishimiz kerak. Ta’limni isloh qilish – siyosiy iroda, moliyalashtirish va jasorat talab qiladi. Agar yosh avlod iqlim o‘zgarishidan raqamli inqilobgacha bo‘lgan murakkab muammolarga duch kelganda, bilim, qadriyatlar va ko‘nikmalarga ega bo‘lmasa, barqaror rivojlanish aslo mumkin emas. Biz YUNESKOning ta’limga oid tavsiyalarini tinchlik va inson huquqlari nuqtai nazaridan qayta shakllantirish, uni bugungi kunning muammolariga javoban davlat siyosatiga yo‘naltirish hamda uzoq muddatli istiqbolni isloh qilish bo‘yicha global muhokamani boshladik. Albatta, bizga yetarli mablag‘, ko‘proq moddiy, moliyaviy va inson resurslari kerak bo‘ladi. O‘tgan yilning noyabr oyida qabul qilingan Parij deklaratsiyasida YUNESKOga a’zo mamlakatlar davlat xarajatlarining kamida 15 foizini yoki YAIMning 4 foizini ta’limga yo‘naltirish majburiyatini olgan edi. Bu ishtirok dolzarb ahamiyat kasb etadi. Sizlarga ma’lumki, ta’limga kiritilgan sarmoya, eng yaxshi sarmoyadir.

Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning barcha jabhalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakat taraqqiyotning yangi bosqichiga o‘tdi. Uning ustuvor yo‘nalishlaridan biri inson kapitalini rivojlantirishdir. Erta rivojlanish va ta’lim, hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridandir. Shunday ekan, 2017 yil Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilganidan buyon bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi bugungi kunga kelib 27 foizdan 70 foizga oshdi. Ayni paytda 2 milliondan ortiq maktabgacha yoshdagi bolalar bog‘chalarga borish imkoniyatiga ega. Mamlakat rahbariyatining kuchli siyosiy irodasi va hukumatning sa’y-harakatlarisiz bu taraqqiyotga erishib bo‘lmas edi.

Kichik yoshdagi bolalarga ta’lim va tarbiya berish bo‘yicha II Butunjahon konferensiyasi joriy yilning sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Ta’limni o‘zgartirish bo‘yicha sammitning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bugun biz a’zo davlatlar va xalqaro hamjamiyatni siyosiy majburiyatimizni yangilash va kengaytirish, shuningdek, har bir bolaning erta bolalik davrida sifatli ta’lim-tarbiya olish huquqini yana bir bor tasdiqlash uchun bu yerga yig‘dik. Ishonchim komilki, konferensiya g‘oyalari kichik yoshdagi bolalarning ta’lim-tarbiyasi taraqqiyotiga yo‘naltirilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida barcha forum ishtirokchilarining birlashuvi va hamjihatligiga xizmat qiladi.

Konferensiyamiz yakunlari bo‘yicha qabul qilinadigan Toshkent deklaratsiyasi erta rivojlanish strategiyasida yangi sahifa ochadi va kelgusi o‘n yillikda maktabgacha ta’lim sohasidagi xalqaro kun tartibini belgilab beradi.

Agar biz dunyoni o‘zgartirmoqchi bo‘lsak, avvalo ta’limning o‘zini o‘zgartirishimiz kerak. Ta’lim tizimini jahon miqyosida global transformatsiyasiga birgalikda ta’sir ko‘rsatishimiz mumkin. Farzandlarimiz kelajagi yo‘lida uni yanada yaxshilashga barchamiz mas’ulmiz.

Mohigul Qosimova yozib oldi, O‘zA