O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti yoshlar va keng jamoatchilikni mikroorganizmlar dunyosi bilan tanishtirishga qaratilgan noodatiy loyiha – “Agar Art” tanlovi va ochiq laboratoriya mahorat darsini o‘tkazdi. Ushbu tashabbus ilm va san’atni uyg‘unlashtirgan holda, mikroorganizmlar yordamida yaratilgan badiiy asarlarni ko‘rsatib berishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida ishtirokchilar institut olimlari ko‘magida xavfsiz va patogen bo‘lmagan mikroorganizmlar bilan ishlash imkoniga ega bo‘ldilar. Ular Petri kosalarida turli shakl va kompozitsiyalarni yaratib, o‘z ijod namunalarini tanlovga taqdim etdilar. Mazkur jarayon faqat laboratoriya tajribasiga ega bo‘lganlar uchun emas, balki ilgari bunday ishni sinab ko‘rmagan yoshlar va havaskorlar uchun ham ochiq bo‘ldi.
“Agar Art” loyihasi, avvalo, ilmiy savodxonlikni oshirish, STEM fanlariga yoshlarning qiziqishini kuchaytirish hamda mikrobiologiyani ommalashtirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, san’at tili orqali mikroorganizmlarning o‘sishi, shakli va rang-barang tuzilishini namoyish etish, laboratoriya xavfsizligi madaniyatini kengaytirish ham tadbirning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Tadbir ishtirokchilari shaxsiy himoya vositalaridan foydalanib, mutaxassislar nazorati ostida asarlarini yaratdilar va belgilangan tartib asosida tanlovga taqdim etdilar.
Tashkilotchilarning qayd etishicha, tadbirda 40 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Natijada yigirmadan ortiq “Agar Art” ijodiy ishlari suratga olinib, hakamlar e’tiboriga taqdim etildi. Eng yaxshi ishlarga maxsus mukofotlar topshirilishi, shuningdek, ular institut tomonidan tashkil etiladigan xalqaro konferensiya doirasida keng namoyish etilishi belgilangan.
“Men Molekulyar biologiya va Tibbiy kimyo yo‘nalishida tahsil olyapman. Aslida bizning sohada ham mikroorganizmlar bilan ishlash tajribasi mavjud, ammo bu yerda ularni san’at asariga aylantirish men uchun juda noodatiy va qiziqarli bo‘ldi. Molekulyar biologiyada biz bakteriyalarni faqat ilmiy maqsadda ko‘rsak, bu yerda ularning estetik tomonini ham kashf etdim. Rangi va shakli bilan rasm chizish imkoniyati borligini ko‘rish men uchun katta tajriba bo‘ldi” deydi, Italiyadan ushbu institutga tajriba orttirish maqsadida kelgan turkiyalik talaba — Munise Kirmizituna.
[gallery-25646]
“Men O‘zbekistonga esa doim qiziqib kelganman. Shu sababli stajirovkani aynan shu institutda o‘tashni tanladim. Bu yerda turli tajribalar o‘tkazish, yosh olimlar bilan ishlash orqali o‘zimni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Shu uchun tashkiliy qo‘llab-quvvatlaganlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman” deydi, yana u.
Mazkur tashabbus nafaqat ijodiy yondashuvni qo‘llab-quvvatladi, balki ta’limiy ahamiyat ham kasb etdi. Ishtirokchilar laboratoriya xavfsizligi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar oldilar, institut faoliyati bilan yaqindan tanishdilar va kelgusida o‘z faoliyatlarini ilmiy izlanishlarga bog‘lash imkoniyatlarini ko‘rib chiqadilar. Shu bilan birga, maktablar, kollejlar, oliy ta’lim muassasalari hamda nodavlat tashkilotlar bilan yangi hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.
Bir so‘z bilan aytganda mazkur loyiha ilmiy tajriba va san’atni birlashtirib, ko‘rinmas olamning go‘zalligini ko‘rsatishga qaratilgan. Tadbir natijasida yoshlarda ilm-fan va ijodkorlikka bo‘lgan qiziqishning yanada ortishi, hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishi va bunday tashabbuslarning barqaror ravishda davom etishiga xizmat qiladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/94ArkRYLnvk?si=NKZRU1o-zFyid1jv" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Mohichehra Eshmirzayeva, Doniyor Yakubov, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA