BBC nashri, xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘z muxbiri Frenk Gardnerning maqolasini e’lon qildi. U “Agar AQSH Eronga hujum qilsa...” degan mavzuda fikr yuritib, ehtimoliy taxminlarni o‘rtaga tashlaydi.
AQSH Eronga hujum qilishga tayyor bo‘lib, bu ehtimoliy harakat yaqin kunlarda amalga oshirilishi mumkin. Holat shundan iboratki, ehtimoliy maqsadlar qisman aniq bo‘lsa-da, aniq natijalarni taxmin qilish qiyin. Agar AQSH Eron bilan kelishuvga erisha olmasa va prezident Donald Tramp harbiylariga hujum qilish buyrug‘ini bersa, bir qator voqealar rivoj topishi mumkin.
Birinchisi - amerikalik harbiylar Erondagi harbiy bazalar, yadro dasturlari ob’ektlariga aniq zarbalar berishadi. Bu voqealar mamlakatga haqiqiy demokratiyaga o‘tish imkoniyatini berishi mumkin. Ammo tarixdan ko‘rinib turibdiki, Iroq va Liviyada ham qudratli diktaturalar ag‘darilgan, ammo barqaror demokratiya o‘rnatish o‘rniga parchalanish va qon to‘kishlar kuzatilgan.
Ikkinchi taxminiy ssenariy bo‘yicha mamlakatdagi rejim saqlanib qolishi mumkin, lekin siyosatda yumshashga majbur bo‘ladi. Buni «Venesuela modeli» ham deyish mumkin. AQSHning tez va qat’iy harakatlari ichki va tashqi siyosatda cheklovlarni paydo qilish ehtimoli bor. Masalan, Eron o‘z yadro dasturlarini qisman to‘xtatishi, ichki namoyishlarga qarshi bosimni yumshatishi va mintaqadagi harbiy guruhlarning qo‘llab-quvvatlashini kamaytirishi mumkin. Ammo, bu ssenariy ham ehtimoldan yiroq.
Uchinchi ssenariy bo‘yicha rejim ag‘darilib, mamlakat qo‘shinlar qo‘liga o‘tadi. Bu eng ehtimoliy natija sifatida qaralmoqda, chunki mamlakatdagi rejim aholi orasida kuchli norozilikka duchor bo‘ldi. Biroq rejimning qulamaganligi, kuch ishlatar tizimlarning namoyishchilar tomoniga o‘tmaganligi bilan izohlanmoqda. Shu bois, Eron Islom inqilobi qo‘shinlari asosiy rahbarlikni qo‘lga olishi ehtimoli mavjud.
To‘rtinchi ssenariyda Eron AQSH va qo‘shni davlatlarga javob hujumi berishi mumkin. Eron AQSHning harbiy bazalariga zarar yetkaza oladi, shuningdek Qo‘shma Shtatlarga o‘zini hamkor deb hisoblagan davlatlarni ham nishonga olishi mumkin.
Beshinchi ssenariyda Eron Ormuz bo‘g‘ozini minalashtirishi mumkin. Bu yo‘l dunyo nefti va gazi tashiladigan muhim strategik hudud bo‘lib, minalashtirishdan dunyo bozorida narxlar keskin oshishi mumkin.
Oltinchi ssenariy bo‘yicha, Eron o‘zining javob hujumi bilan AQSH harbiy kemalarini cho‘ktirib yuborish qudratiga ega. Eron floti katta dronlar va torpedo katerlari bilan yoppasiga hujum qiladi, bu AQSHning mudofaa tizimlarini izdan chiqarishi mumkin. Bu ssenariyning yuz berish ehtimoli kam deyishsada, lekin tarix voqealari buning aksini ko‘rsatmoqda.
Yettinchi ssenariyda Erondagi rejim ag‘darilib, mamlakatda tartibsizlik va beqarorlik kuzatilishi mumkin. Bu holatda fuqarolar urushi, etnik ziddiyatlar va davlat institutlarining zaiflashishi yuz beradi. Ko‘p millatli davlat bo‘lganligi sababli har bir millat o‘z hududini himoya qilishga harakat qila boshlaydi. Eronda aholi soni katta bo‘lgani sababli, bu gumanitar inqiroz va qochqinlar oqimini yuzaga keltirishi mumkin.
Shu sababli Tramp Eronga qarshi harakat qilishga qaror qilsa, ssenariyda taxmin qilingan yoki boshqa kutilmagan xunuk natijalarga olib kelishi mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yh3hb_P5Hq8" title="Agar AQSH Eronga hujum qilsa..." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA