Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Afv – katta imkoniyat demak
22:41 / 2024-09-21

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 28 avgustdagi “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni xalqimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi bo‘ldi.

Mazkur farmon ijrosi doirasida Namangan viloyatidan afv etilgan 44 nafar shaxs o‘z oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytdi. Ularning besh nafari xotin-qiz, to‘qqiz nafari probatsiyada jazo o‘tashdan ozod etilgan hamda 23 nafari shartli ravishda afv qilinganlardir.

Afv etilgan fuqarolarni ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha viloyatdagi huquqni muhofaza qilish idoralari hamda mahalliy hokimliklar tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rildi.

Afv qilingan 44 nafar fuqaroga bir martalik moddiy yordam pullari ajratildi hamda ular orasida tadbirkorlik qilish istagini bildirganlarga kichik biznes va hunarmandchilikni yo‘lga qo‘yishlari uchun dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi berildi.

Jazodan qaytganlar orasida fuqarolik pasportiga ega bo‘lmagan, Namangan shahri, Davlatobod, Uchqo‘rg‘on va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida yashash joylarida ro‘yxatga olingan shaxslarga viloyat ichki ishlar organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi “ID” karta hujjatlari rasmiylashtirildi.

– Mamlakatimiz rahbarining afv etishga qaratilgan hujjati mahkumlarga o‘z oilasiga va jamiyatga qaytib, bundan buyon Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lish imkoniyatini yaratishi bilan muhim ahamiyatga ega, – deydi Namangan viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya boshqarmasi katta inspektori, mayor Abror Jabborov. – Jumladan, farmonga asosan oilalar bag‘riga qaytarilganlar orasida probatsiya ro‘yxatida turgan barcha shaxslarning bandligi ta’minlandi. Ularga o‘zlari qiziqqan yoki tanlagan sohalari bo‘yicha korxona va tashkilotlarga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi.  

Masalan, Uychi tumani Daxyakota mahallasida yashab kelgan, 2000 yili tavallud topgan, 2023 yilda sud hukmi bilan olti yilga ozodlikdan mahrum etilgan, mazkur jazo muddatidan 4 yil 11 oy 17 kun avval afv etilgan, qilgan qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan Ismoiljon Jakbarovga buyurtmalar asosida duradgorlik faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishiga ko‘mak berildi.  

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Namangan viloyati IIB Probatsiya boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida probatsiya hisobida jami 8010 nafar nazoratdagi shaxs bo‘lib, ularning 2 ming 467 nafari axloq tuzatish ishlarini o‘tayotgan, 2 ming 672 nafari esa muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etilganlarni tashkil etadi. Nazoratdagi shaxslarning bandligini ta’minlash maqsadida uyushtirilgan “Ishga marhamat” mehnat yarmarkalari davomida 263 nafar shaxs ishga joylashtirildi.  

Aslida tinch-osuda damlarning qadriga yetish uchun xatoga yo‘l qo‘yish, jinoyat ko‘chasiga kirishga aslo hojat yo‘q. Lekin zulmatni boshidan kechirgan insonning saodatli kunlarga e’tiqodi tobora yuksaladi. Bugun musaffo havodan bahra olayotgan, farzandlari ta’lim-tarbiyasiga qayg‘urish imkoniyatiga ega bo‘layotgan, tuzalishga jiddiy ahd qilgan hamyurtlarimizning borar manzili endilikda yanada munavvar bo‘lishi shubhasiz.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.